«Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

«Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbek va tojik xalqlari azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini davom ettirib kelmoqda.

1992 yil 22 oktyabrda mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Ayni paytda ikki mamlakat rahbarlari – Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning siyosiy irodasi va birgalikdagi jadal sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro munosabatlarni yanada taraqqiy ettirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilayotir.

Buyuk mutafakkirlarimiz Alisher Navoiy va Jomiy, G‘afur G‘ulom va Mirzo Tursunzoda, Abdulla Oripov va Loyiq Sherali o‘zbeklaru tojiklarning samimiy va sof do‘stligini tarannum etgan.

Qayd etish joiz, har ikki millatda ham ilm-fan, adabiyot sohasining yetuk namoyandalariga ehtirom ko‘rsatib kelinmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand shahrida Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida o‘zbek va tojik xalqlarining buyuk mutafakkirlari – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga haykal o‘rnatilgan edi. Ana shu ezgu tashabbusga javoban Dushanbe shahrida Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i barpo etilib, unda ikki buyuk siymoning haykali qad rostladi.

Prezidentimiz 2021 yil 10-11 iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida Dushanbe va Toshkentda zamonaviy o‘zbek va tojik adabiyotining tanlangan asarlari – antologiyalarini nashr qilishni taklif etgan edi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi «O‘zbekiston-Tojikiston» do‘stlik jamiyati hamda Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati o‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoatchilik tashkiloti bilan hamkorlikda «Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi» kitobi nashr qilindi.

Kitob O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi moliyaviy granti asosida chop etildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda do‘stlik jamiyati vakillari tomonidan 2021 yilning 20-21 sentyabr kunlari mazkur kitobning Tojikistonning Dushanbe va Xo‘jand shaharlarida ilk taqdimoti o‘tkazilgan edi.

Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalar rivojlanib borayotganligi, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan joriy yilning 24 may kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida mazkur kitob taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirda Tojikiston Respublikasi, So‘g‘d viloyati o‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi jamoatchilik tashkiloti raisi I.Yusupov, o‘zbek va tojik ijodkorlari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi vakillari va adiblar hamda «O‘zbekiston-Tojikiston» do‘stlik jamiyati a’zolari, milliy madaniy markazlar raislari va faollari ishtirok etdi.

Kitobdan o‘zbekistonlik va tojikistonlik adiblarning eng sara ijod namunalari joy olgan.

Tadbirda chop etilgan «Tojikiston o‘zbek adabiyoti antologiyasi» kitobi xususida mutaxassislar tomonidan to‘liq ma’lumot berildi. Bu borada yig‘ilganlarning savollariga javob qaytarildi.



N.Usmonova, O‘zA