Indoneziyalik olimlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi

Indoneziyalik olimlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurdi

Xabar berganimizdek, yurtimizda «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

Ayni shu kunlarda ushbu nufuzli anjumanga kelgan xorijlik mehmonlar — din ulamolari, huquqshunoslar, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari zaminimizning diqqatga sazovor joylari, tashkilotlar, ta’lim muassasalari bilan yaqindan tanishmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga Indoneziyaning Leimena instituti ijrochi direktori Matius Ho rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda mazkur akademiya matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Mehmonlarni akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, «Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova, kafedra o‘qituvchisi Odiljon Ernazarov kutib oldi. Dastlab mehmonlarga «Manbalar xazinasi»da saqlanayotgan nodir toshbosma asarlar, ilmiy xodimlar tomonidan ularning tadqiqi borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. «Manbalar xazinasi» bo‘limi mudiri Muhammadsidiq Usmonov bu borada batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Indoneziyaning Leimena instituti ijrochi direktori Matius Ho hamda Indoneziya Islom universiteti professori Amin Abdullah «Manbalar xazinasi» bo‘limidagi faxriy va hurmatli mehmonlar uchun ajratilgan "Esdalik kitobi"ga o‘zining samimiy tilaklari, dil so‘zlarini yozib qoldirdi.

Akademiya majlislar zalida uchrashuv tashkil etilib, unda Indoneziya hamda yurtimiz vakillari ishtirok etdi.

Akademiya ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov tomonidan xorijlik mehmonlarga yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar berildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va uning huzuridagi tashkilotlar, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot, Malaka oshirish, «Ziyo» media markazlari, Akademik litsey, «Ziyo-zukko» maktabi faoliyati mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.

"O‘zbekiston zaminida o‘tkazilgan «Deklaratsiyalar muloqoti» forumi doirasida yurtingizdagi ko‘plab tarixiy qadamjolarda bo‘ldim. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi safarlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Jumladan, bugungi uchrashuv ham Xalqaro islom akademiyasi faoliyatiga bo‘lgan qiziqishlarimni oshirdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘xshash jihatlar ko‘p ekan. O‘ylaymanki, fikr va takliflari asosida kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlaymiz", Matius Ho.

Do‘stona o‘tgan muloqot davomida mehmonlar o‘zlari faoliyat yuritayotgan markaz va ta’lim muassasalari faoliyati, maqsad, vazifalari bo‘yicha ma’lumot berdi. Mehmonlarga akademiya rahbariyatining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Uchrashuvdan so‘ng delegatlar akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralarini ziyorat qildi.

N.Usmonova, O‘zA