Turkiya Respublikasi bilan uzumchilik bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Turkiya Respublikasi bilan uzumchilik bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Izmir viloyati mudirligida muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Qudratjon Yusupov, mutaxassis Anvar Mirzaaliyev, Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Sherzod Rajabov, Genomika va bioinformatika markazi laboratoriya mudiri Xurshida Ubaydullayeva va boshqa mas’ullardan iborat delegatsiyani mudirlik boshlig‘i Mustafa O‘zel qabul qildi.

Ta’kidlash joizki, Izmir viloyati Turkiyaning to‘rtinchi eng yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, 2,8 milliard AQSH dollari miqdoridagi eksport ko‘rsatkichi bilan mamlakatda 2-o‘rinni egallaydi. Mazkur hududda 20 ga yaqin uzum turlari yetishtiriladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar o‘rtasida uzumchilik va vinochilik sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari, jumladan, Turkiyaning sohadagi texnologiyalarini transfer qilish, hamkorlikda “In-vitro” usulida noyob, sovuq va sho‘rga chidamli navlarni ko‘paytirish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Mudirlik tomonidan O‘zbekiston bilan hamkorlik kengaytirilishiga katta qiziqish bildirildi.

Shuningdek, Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining Izmir viloyati mudirligi boshlig‘i Mustafa O‘zel uzumchilik va uzumni qayta ishlash bo‘yicha O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi katta salohiyatga ega ekanini qayd etdi va mazkur hamkorlik ikki qardosh mamlakatlarning rivojiga xizmat qiladi, deya ta’kidladi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirishga, xususan, yuqorida keltirilgan yo‘nalishlar doirasida loyihalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Turkiyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va texnikalarini ishlab chiqaruvchilari, ilmiy-tadqiqot va laboratoriya muassasalari bilan muzokaralar tashkil etilishiga kelishdi.



O‘zA