O‘zbekiston va Hindiston “aql markazlari” o‘rtasida amaliy hamkorlik

O‘zbekiston va Hindiston “aql markazlari” o‘rtasida amaliy hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov joriy yilning 26-28 aprel kunlari Dehli shahriga tashrif buyurib, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va “Observer Research Foundation” tadqiqot markazi tomonidan an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Raisina Dialogue 2022” 7-xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.

O‘z navbatida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori tashrif davomida Hindistonning eng yetakchi tadqiqot markazlari hisoblangan “Vivekananda xalqaro fondi” va Hindiston xalqaro ishlar kengashi rahbariyati bilan uchrashdi va mazkur “aql markazlari” tahlilchilari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “davra suhbatlarida” ishtirok etdi.

Tadbirlar davomida hind ekspertlariga 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berildi. Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘zaro mintaqaviy bog‘liqlik loyihalari, mintaqadagi xavfsizlik masalalari, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va ularni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

“Davra suhbatlari” doirasida O‘zbekistonning joriy yildagi Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi doirasida amalga oshirilayotgan muhim tashabbuslarga alohida e’tibor qaratilib, mazkur tashkilot salohiyatidan yanada kengroq foydalanish imkoniyatlari tahlil qilindi.

Muloqotlar chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha hind tahlilchilarining fikrlari o‘rganildi. Tegishli yo‘nalishlardagi aloqalarni mustahkamlashda “aql markazlarining” faolligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvlarda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarning eng dolzarb va ustuvor yo‘nalishlarini birgalikda tadqiq etishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston va Hindiston tahlil markazlari ishtirokida qo‘shma tadbirlar tashkil qilish hamda hamkorlikda tadqiqot loyihalarni amalga oshirish va qo‘shma nashrlarni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.



O‘zA