Bugun tug‘ilgan kun – Hamid G‘ulom (xotira)

Bugun tug‘ilgan kun – Hamid G‘ulom (xotira)

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G‘ulom 1919 yil 25 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Shoir, nosir va dramaturg Hamid G‘ulom O‘rta Osiyo industrial instituti va Toshkent pedagogika institutida tahsil olgan.

U bir qator markaziy gazetalarda, O‘zbekiston Davlat nashriyotida, Radioda mas’ul vazifalarda ishlagan. Shuningdek, yirik ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy jurnal “Sharq yulduzi”ga bosh muharrirlik qildi. Uzoq yillar G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida direktor bo‘lgan.

Hamid G‘ulom adabiyotga o‘ttizinchi yillarning o‘rtalarida o‘ziga xos she’rlari bilan kirib keldi. Yosh shoirning ijodi G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda ta’sirida kamol topdi.

Hamid G‘ulom keyinchalik yozgan “Qo‘shiqlarim”, “Dnepr bo‘yida”, “G‘alaba yo‘lida” asarlarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi qahramonliklari tasvirlangan. O‘quvchilar uning “Mash’al” romani, “Olmos qizi”, “Yozyovon” povestlari, “Toshkentliklar” asarlari yaxshi biladi. Adibning “Vafoning uzun yo‘li” xotiralar to‘plami ham kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan.

Hamid G‘ulom 1998 yilda “El-yurt hurmati”, 2004 yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan. U 2005 yil olamdan o‘tgan.