Buyuk tatar shoiri xotirlandi

Buyuk tatar shoiri xotirlandi

Zamonaviy tatar adabiy tili yaratuvchilardan biri, mashhur adib Gabdulla To‘qay milliy tanqidiy realizmga, tatar bolalar adabiyotiga asos solgan ijodkor hisoblanadi.

Taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi unsurlarga, mutaassiblikka qarshi kurash, ilg‘or ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surish shoir ijodining muhim mavzulari edi. Gabdulla To‘qay tatar she’riyatining g‘oyasi va mazmunigagina emas, balki shakli, ifoda vositalariga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, uning xalq ohanglari va qo‘shiqlariga moslab yozgan she’rlari ruhan Turkistondagi milliy, ijtimoiy uyg‘onish davriga hamohang. Shoir she’rlari dastlab 1913 yili o‘zbek tiliga tarjima qilinib, darsliklarga kiritilgan. Tataristonda 1966 yil “Gabdulla To‘qay nomidagi respublika Davlat mukofoti” ta’sis etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida buyuk tatar shoiri Gabdulla To‘qay hayoti va ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xotira kechasida shular haqida so‘z bordi.

Milliy madaniyat markazlar vakillari, ijodkorlar, talabalar, maktab o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda shoirning boy ijodiy merosi haqida ma’lumot berildi. Qo‘mita binosida adib hayoti va ijodiga oid kitoblar ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Millatlararo munosabatlar ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari Saodat Davlatova To‘qay ijodi yurtimizda keng o‘rganilayotganini ta’kidladi.

Tatar xalq shoiri Gabdulla To‘qay 1886 yilda tug‘ilib, 1913 yil 26 yoshida vafot etgan. Juda qisqa umr ko‘rsa-da, adabiyotshunos, publitsist, jamoat arbobi, tarjimon sifatida jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topgan. Uning asarlari 50 dan ziyod tilga o‘girilgan. Kechada Tatariston Respublikasi san’at arbobi Farid Davletshinning shoir haqidagi badiiy filmi namoyish etildi. Tatar madaniy-ma’rifiy markazi san’at ustalari va havaskor jamoalar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi.

Turli tillarda yangragan kuy-qo‘shiq, raqslar yig‘ilganlarga chinakam bayramona kayfiyat ulashdi.



G.Sattorova, O‘zA