SamDU va Istanbul universiteti hamkorligida Turkologiya instituti ochiladi

SamDU va Istanbul universiteti hamkorligida Turkologiya instituti ochiladi

Turkiy va islomiy madaniyatning eng qadimiy beshiklaridan bo‘lgan Samarqandda 600 yildirki ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat nurlarini taratib kelayotgan Ulug‘bek madrasasining izdoshi – Samarqand davlat universitetining dovrug‘i dunyoning barcha qit’alariga tarqalgan.

O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan Uchinchi Renessansni barpo qilish harakati ilm-fanga, ta’limga, yangi texnologiyalarga asoslanayotgani mamlakatingizdagi universitetlar oldiga jiddiy vazifalar qo‘ymoqda.

«Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori dorilfunun jamoasining intilishlariga, mamlakat oliy ta’lim tizimining ehtiyojlariga mos ravishda qabul qilingan tarixiy hujjat bo‘ldi.

Unda SamDUning O‘zbekiston fan-ta’limi va madaniyati taraqqiyotidagi peshqadamlik roli e’tirof etilgan hamda dorilfununning ko‘p ming kishilik jamoasi oldiga ulkan vazifalar qo‘yilganligi bilan ajralib turadi.

2026 yilgacha dunyodagi top-universitetlarning dastlabki mingtaligi safiga kirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, jahonning ilg‘or universitetlari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni keng yo‘lga qo‘yish va boshqa ko‘plab samarali faoliyatlarning qarorda qamrab olinganini ko‘rish mumkin.

Zamonaviy universitet modelining barcha unsurlarini joriy etishni nazarda tutuvchi ushbu hujjatni hayotga joriy qilishning mexanizmlari ham qarorda o‘z aksini topgandir.

Istanbul universiteti rektori, professor Mahmud AK janoblari: – O‘zbekistonning bizning universitet bilan birodarlashgan dorilfununi – Samarqand davlat universitetining ilmiy-pedagogik jamoasi, ilmiy tadqiqotchilar guruhlari janob Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan qarorning barcha bandlarini muvaffaqiyat bilan ado etishlariga shubha yo‘q. Zotan, universitetning katta tashkilotchilik va olimlik salohiyatiga ega bo‘lgan rektori – qardoshim, professor Rustam Xolmurodov yetakchilik qilayotgan jamoa dorilfununni yuksak marralarga eltadi. Buning uchun azmu shijoat, bilim-mahorat yetarlidir. O‘z navbatida yana shuni qayd etishni istar edimki, SamDU bilan birodarlashgan Istanbul universiteti ta’lim-tarbiya hamda ilmiy-tadqiqotlarning barcha sohalarida hamkorlikni davom ettiramiz.

Hamkorlikni O‘zbekistondagi ilk Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda xalqaro standartlar darajasida xorijiy til o‘rgatishni yo‘lga qo‘yadigan «Til Markazi» faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan yangi, yuqori saviyaga chiqaramiz.

Mirzo Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, Ulug‘bek hamda Ayo sofiya madrasalarining hamkorligidan boshlangan aloqalarimizni Samarqand va Istanbul universitetlari birodarlashuvida yangi bosqichga ko‘taramiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ana shu intilishlarimizga buyuk turtki beradi.

Farrux HAMROEV,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati rahbari