Tijorat banklarini xususiylashtirishda Saudiya Arabistoni tajribasi o‘rganildi

Tijorat banklarini xususiylashtirishda Saudiya Arabistoni tajribasi o‘rganildi

Hukumatimiz delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ko‘p qirrali munosabatning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish, o‘zaro manfaatli yangi “o‘sish nuqtalarini” kashf etish maqsadida hamkor ishbilarmonlar bilan qator uchrashuv, muzokaralar o‘tkazdi.

Jumladan, «ACWA Power», «Al Rajhi», «Dr. Sulaiman Al-Habib», «Saudi German Hospitals», «Saudi National Bank», «Maaden», «Dar Al Arkan», «Al Hokair» kompaniyalari rahbariyati bilan muloqot qilindi.

Meva-sabzavotchilik, chorvachilik, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, to‘qimachilik sanoati, qurilish sohalarida yangi loyihalar amalga oshirish istiqboli har tomonlama konstruktiv tarzda ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tashhis qo‘yish, o‘quv va ilmiy-tadqiqot bo‘limlarini birlashtirgan ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalari va tibbiy klasterlar tashkil etish, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. O‘zbekiston tijorat banklarini xususiylashtirishda podshohlik banklari bilan sheriklik imkoniyati muhokama qilindi.

Mamlakatimiz va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yo‘lovchi va yuk havo tashuvi hajmini oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yaqin kelajakda qat’iy kelishuvga erishish va tegishli bitimlarni imzolash maqsadida rahbar, ekspertlar darajasida muzokarani davom ettiradigan bo‘ldi.



O‘zA