O‘zbekiston sevgisi bu ayolni nechog‘li baxtiyor etmish – Ganira Pashayeva...

O‘zbekiston sevgisi bu ayolni nechog‘li baxtiyor etmish – Ganira Pashayeva...

Har gal ozarbayjonlik Ganiraxonim Pashayeva O‘zbekistonga kelsa, adabiyot va san’at, madaniyat-insoniy qadriyatlar bayrami boshlangandek bo‘ladi. Doim ko‘rishar ekanmiz, men: "Ota yurtingizga xush kelibsiz", deyman. "Sizlarni ko‘rganimdan mamnunman", deydi, ko‘zlari porlab.

Sezamanki, yuragi otashlanib, taassurot va quvonchdan balqib, qoni jo‘shib, O‘zbekiston tuprog‘i, havosi, suvi va insonlari uning ruhiga taskin beradi.

Ganiraxonim davlat va jamoat arbobi kuchli notiq va turkiy dunyo xalqlari qadriyatlari, adabiyoti va madaniyatining maftuni bo‘lgan go‘zal qalbli, sohir sezgili, Saroymulkxonim kabi oqila va tadbirkor ayol ekanligi zohirlanib turadi.

U minbarlarda «Nizomiy Ganjaviy yurtidan Alisher Navoiy yurtiga alangalik salom keltirdim», deya so‘z boshlar ekan, tinglovchilarning yuziga quvonch epkinlari yuguradi, ota-bobolaridan milliy g‘urur va azaliy qondosh, qarindosh, jondoshligimizning mudroq tuyg‘ulari uyg‘ongandek bo‘ladi.

Manaman degan odam ham bu ayolda jasorat uchqunlari borligini sezadi, unga ota-bobosidan ma’rifat o‘zlashganini biladi, o‘zi erisholmagan nimanidir unda ko‘radi va jon qulog‘i bilan notiqni tinglashga diqqat etadi.

U davom etadi:

«Mening otam ham o‘qituvchi bo‘lgan, onam ham o‘qituvchi... Men universitetga kirganimda otam aytdi: "Qizim, shu kungacha sen ota-onangning qizi eding. Xato-kamchilik qilsang, falonchi o‘qituvchining qizi, der edi. Endi sen Ozarbayjon xalqining, millatining qizisan. Har qadamingni o‘ylab bos. Har bir ishing va so‘zingning ortida Ozarbayjon xalqi va millatining sha’ni, or-nomusi, g‘ururi yotadi. Bu mening oltin a’molimga aylandi va men bunga sodiq qoldim. Siz har biringiz O‘zbekistonning farzandisiz ham Ozarbayjonning farzandisiz. Sizlar bizga qaraganda imkoniyatlari keng, mustaqil Vatanning avlodisiz.

Bizlar o‘zligi bo‘g‘ilgan paytlarda, mafkuraning quli bo‘lgan va turkiy millatlar talon-toroj etilgan paytlarda ulg‘aydik, zamon og‘ir edi, urushlar ichida, olovlar ichida yashab hayot kechirdik, bizlar bugungi yosh avlodga havas bilan boqamiz, hamma imkon bor...

Kim qaysi tilda yozsa ham, dunyoning qayerida tug‘ilib, qayerida o‘lib, ko‘milgan bo‘lsa ham, unda turkona tafakkur bormi, turkiy ma’naviyat uning asarlarida aks etganmi, u bizning bobomiz va bizning faxrimiz, turkiy xalqlarning ajdodi hisoblanadi. Mana shu narsa foydalidir. Chegaralanishlar, bo‘linishlar, maydalashishlar va boshqa noto‘g‘ri siyosatlar ta’sirida vujudga kelgan holatlarga e’tibor qaratmang. Buyuk turkiy xalqlar ulug‘ligini ko‘taring va o‘zingiz ham ulug‘ bo‘ling, oldingizga ulug‘ maqsadlar qo‘ying, mana shu foydali», deydi to‘lqinlanib.

Olovli va tantanavor nutqidan yurak hayajonga keladi. Haqiqatdan Ozarbayjondagi o‘ttiz yillab kechgan tog‘li Qorabog‘ mojarolarining endi tugaganligini yodga olamiz.

Bir paytlar yozgan she’rim bor edi. Uni men 2013 yilda Xalqaro qozoq-turk universitetida Turkiy tilli davlatlar kengashining adabiyot va til masalalari konferensiyasi tadbirlarida o‘qigan edim.

Turkiy xalqlarmiz –

O‘xshaymiz Xorazmning gujumlariga,

Serhosil, sersoyalikda uzumlariga.

Tuva, to‘fa, turku, totor, qorachoyim.
Sori, solar, saxa, bolqor, qorayim.
Sho‘r, gagauz, xakas, qumiq no‘g‘oylar,
Ozarbayjon, chuvash, uyg‘ur, oltoylar.
Qozoq, qirg‘iz, qirim, boshqurt, turkmanim,
O‘zbekka esh qoraqalpoq, qipchoq o‘g‘uzdir manim.
Ona yer bizlarga buyuk makon,
Tog‘u daryo, cho‘lda bo‘laylik omon.
Bugun barchangizni ko‘rdim qardoshlar,
Diydor quvonchi ko‘zlarim yoshlar.
Soningiz ozmi-ko‘p borsiz dunyoda,
Omon, salomat bo‘linglar ziyoda.
Osoyishta tinch bo‘lsin yeru osmon orasi,
Turkiy qavmlarga boqmasin yovuzlik qorasi.
Har biringiz ulug‘ madaniyatlar vakili,
Tarixin aytib bugun olg‘a yetaklar tili.
Dunyo o‘zgarar –
Yer yuzi boru yo‘qda borar,
Odamzod libosi ham tozarar.
Bir ishonch, bir umid, bir ko‘nglimiz,
Bugun iftixor qildik o‘zimiz...
O‘zbekcha she’rim angladingiz qancha,
Olqishlab chapak chaldingiz ancha.
Har biringizni bag‘rimga bosaman,
Sizga atab O‘zbekistonda she’rlar yozaman.

«QADAM-BAQADAM O‘ZBEKISTON»

Ganira Pashayevaning «Qadam-baqadam O‘zbekiston» kitobi Bokuda 2021 yilda chop etilgan bo‘lib 448 sahifada, salkam to‘rt yuzta foto-rasm bor. Bu foto-rasmlar haqiqatdan muallifning O‘zbekistonning har bir go‘shasiga borib, kezib chiqqanligini va u yerdagi tarixiy urf-odatlar va an’analar bilan qiziqib ko‘rib o‘rganganligini, ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarni ixlos bilan ziyorat qilayotganlarini tasvirlaydi.

Ajab O‘zbekiston sevgisi bu ayolni nechog‘li baxtiyor etmishkim, ko‘ngilga havas epkinlari yuguradi.
Ganira Pashayeva 2021 yilda O‘zbekistonga kelganida «Turon» kutubxonasida akademik Haydarbek Bobobekov tarafidan «Turon» fanlar akademiyasining faxriy doktori diplomi bilan siylangan edi.

Turkistonda 2013 yil yozgan she’rim 2018 yil Toshkentda «Turkiston daftari» nomi ila bosilib chiqqan edi. Mana shu she’r qalblarning, tafakkurimizning uyg‘unligini ko‘rstadigandek tuyuladi:

TURKIYLAR DUNYOSI
Turk dunyosi - turkiy qavm uchrashdik,
Turk avlodi bizlar edik, Biz edik!
Insoniyat kamolida, asrlar shamolida,
Tik turay deb tarqadik, to‘zdik...

Turk ulusi – bo‘g‘imlari ming bo‘lak,
Dunyosi bir, tirikligi mushtarak.
Achchiq dolg‘ali yo‘llardan o‘tkan,
Erk tug‘larin ko‘tarmoq kerak.

Ajdodim buyukdir vorisi ulug‘,
Eru osmonga topdi ma’rifat...
Azali ilohiy qilibdi qutlug‘,
Basharga beribdi o‘lmas so‘z-hikmat.

Ummon-ki sarhadi yo‘q hamon,
Avlod o‘rganar Navoiy Kubroni.
Anglab qayta o‘qiydi jahon,
Jaloliddin Rumiy, Yunus Emroni.

Nizomiy, Nasimiy, Fuzuliy agar,
Madhu nolasin aytsin Azarbayjonni.
Bobooqin so‘ylangiz tonglarga qadar,
Alpomish, Manasu Go‘ro‘g‘li sultonni.

Turk dunyosi turkiy qavm birlashdik,
O‘rxun Enasoydan kelar olqishlar.
Kultegin avlodiga qaytti tiriklik,
Turk ota tiklanib rozini so‘ylar.

Amir Temur shayxim degan,
Ahmad Yassaviyli Turkiston bu.
Turk avlodi o‘rganishga ilm-fan
Oliy maktabi bor
Turkiston bu, Turon bu!

Ajdodim buyukdir vorisi ulug‘,
Eru osmonga topdi ma’rifat...
Azali ilohiy qilibdi qutlug‘,
Basharga beribdi O‘lmas so‘z-hikmat.

Kitob, mustaqil O‘zbekistonning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, prezidenti, viloyatlari, rasmiy tili va davlat chegarali, geografik maydoni kabi eng muhim ma’lumotlarni berishdan boshlanib, bugungi siyosiy jarayonlar, O‘zbekiston va Ozarbayjon madaniy aloqalari, shuningdek adabiyotimizning yetuk namoyondalari o‘tmishda qanday madaniy aloqalarni o‘rnatgani, shu madaniyat, adabiyotning bugungi vakillari qadimiy an’analarni, bordi-keldi munosabatlarini davom ettirayotganligini aks ettirgan fotolar va hikoyalar, tarixiy qadamjolar fotolari bilan boyitilgan.

Eng muhimi kitobda buyuk Xorazmshohlar davri, saltanati va o‘sha davrlarda yetishib chiqqan Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Shayx Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Pahlavon Mahmud kabi bir qator ulug‘larimiz haqida tarixiy ma’lumotlarni beradi.
Shundan so‘ng Xiva xonligi, ilm fan va arxitektura madaniyati, san’ati rivoji va buguni haqida hikoya qiladi.

Beruniyning, Al-Xorazmiyning, Ibn Sinoning ilm yo‘lidagi ishlarini, o‘rgangan ma’lumotlarini keltiradi.
Shuningdek O‘zbekistonda alohida o‘rin va o‘ziga xoslikka ega bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyatini o‘rganib ma’lumotlar keltiradi.
Qoraqalpog‘istonning bayrog‘i, gerbi, yer maydoni, markazi, chiroyli binolari va me’moriy qadamjolari, milliy liboslari, san’ati-madaniyati, tarixiy shaxslaridan Berdaq, Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qayipbergenov ustozim haqida ma’lumotlar kitobda berilgan.

Tarixchi olim, davlat va jamoat arbobi, adabiyot va madaniyatning jonkuyari Ganiraxonim Pashayevaning kitobi ustoz haqidagi xotiralarni ham esga soldi.
Ganira Pashayevaning «Qadam-baqadam O‘zbekiston» kitobini O‘zbekiston zaminiga, xalqiga, ajdodlariga va ma’naviyatiga yuragidagi vulqondek otilgan muhabbatining, ota yurtiga sevgisining ifodasi desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Ganira Pashayeva O‘zbekiston qizi, turkiy dunyoning ardoqli ayoli, o‘z mamlakatining xotin-qizlari lideri va bugungi Ozarbayjon millati ayollarining timsoli desak mubolag‘a bo‘lmas.

Bu kitobni nafaqat O‘zbekiston va Ozarbayjon balki butun turkiy xalqlar bemalol tushunib mutola qila oladi.

Ganira Pashayeva xonim kelajakda adabiy va abadiy do‘stligimizni aks ettirgan, tarixiy qahramonlarni tiriltirgan yanada go‘zal va salmoqli asarlar yozishini umid qilib qolamiz.



O‘lmasbek XO‘JAEV,

O‘zbekiston va Qoraqolpog‘iston Yozuvchilar

uyushmasi a’zosi, shoir-jurnalist