“Amir Temur imperiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

“Amir Temur imperiyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Buyuk sarkarda hamda davlat arbobi Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Amir Temur imperiyasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur akademiyaning Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori To‘lqin Alimardonov hamda Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori Matluba Qahhorova so‘zga chiqib, kitob haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Taqdimot davomida o‘zbek davlatchiligining tarixan shakllanishida Amir Temurning hissasi ulkanligi ta’kidlandi. Ushbu davrda Sohibqiron markazlashgan davlat tizimini yaratib, Movarounnahrni dunyoning eng buyuk siyosiy, iqtisodiy, madaniy markazga aylantirganini qayd etdi. Jumladan, mazkur monografiya ham Amir Temur saltanatining ijtimoiy-siyosiy va diniy-madaniy asoslarini o‘rganishga qaratilgan.

Unda turkiy xalqlar imperiyasining mohiyati, madaniy merosi, Sohibqironning davlat va hokimiyat boshqaruv targ‘ibotlari, saltanat idorasi amallari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi, adolat tamoyillari, sarkardaning harbiy mahorati va buyuk shaxs siymosining bashariyat tarixida tutgan o‘rni siyosat falsafasi nuqtai nazaridan talqin etilgan.

Kitob “Amir Temurning siyosat falsafasi”, “Amir Temur imperiyasida boshqaruv tuzilmasi” hamda “Amir Temur imperiyasining siyosiy merosi” va boshqa bir qator qiziqarli boblardan iborat.

Taqdimot yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

O‘zA