Osiyo chempionatida zafar quchgan velosportchilar tantanali ravishda kutib olindi

Osiyo chempionatida zafar quchgan velosportchilar tantanali ravishda kutib olindi

Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadioni hududida Osiyo chempionatida zafar quchgan velosportchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 25-30 mart kunlari Tojikiston Respublikasi veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Musobaqada 20 dan ortiq terma jamoalar ishtirok etdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasining 29 nafar sportchisi vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.

Tojikistonda start olgan veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionatining birinchi kuniyoq terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli bo‘ldi: ilk kunning o‘zida jamoamiz oltin medalni ega bo‘ldi. Ayollar o‘rtasida (women elite) 24 km masofaga kechgan jamoaviy poyga bahsida qizlarimiz eng yaxshi natija qayd etishdi. Yanina Kuskova, Margarita Misyurina, Shahnoza Abdullayeva hamda Anna Kulikovadan iborat jamoamiz masofani 32:14.911 daqiqa ichida bosib o‘tib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Anna Kuskova yoshlar orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Poyga 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida alohida start yo‘nalishda o‘tkazildi hamda 15,6 km masofaga o‘tgan mazkur poygada sportchimiz 20:06.908 daqiqada marraga yetib kelib oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Aleksey Fomovskiy 23 yoshgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda finishga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Yanina Kuskova 23 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi alohida startda eng yaxshi natijani qayd etdi. 24 km masofaga kechgan poygada Kuskova o‘rtacha 42,19 km/s tezlik namoyish qilib, masofani esa 34:08.064 daqiqa ichida bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi va ikkinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasida 24 km masofaga kechgan individual start poygasida Tokio-2020 ishtirokchisi Murodjon Xolmurodov uchinchi natijani qayd etib, bronza medali bilan taqdirlandi. M. Xolmurodov ushbu masofani 29:58.291 daqiqada bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasida 61 km masofaga kechgan poygada guruh poygasida sportchimiz Sofiya Karimova 1 soat 36:45 daqiqa ichida marraga yetib kelib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Navbatdagi oltin medal yosh yigitlar o‘rtasidagi guruh poygasi bahsida qo‘lga kiritildi. Unda ishtirok etgan Samandar Sultonov marra chizig‘ini 2:47:13 daqiqada bosib o‘tib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Kattalar va 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida 111 km masofaga kechgan guruh poygasi bahsida Yanina Kuskova belgilangan masofani 3:11:37 daqiqada bosib o‘tib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Osiyo chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.

Kutib olish marosimida Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, velosport federatsiyasi mutasaddilari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA