O`zbek-turk xalqining qardoshlik rishtalari bardavom...

O`zbek-turk xalqining qardoshlik rishtalari bardavom...

Tili, dini, madaniyati, urf-odatlari va dunyoqarashi bir-biriga yaqin xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam asosga ega bo‘ladi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik hamda qardoshlik rishtalari ham tarixiy ahamiyatga ega. Bu yil O‘zbekistonning Turkiya bilan rasmiy diplomatik aloqalari o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi.

Ma’lumki, Turkiya dunyodagi BMTga a’zo bo‘lgan 200ga yaqin mamlakatlar ichida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan mamlakat. Ko‘p yillik aloqalar davomida o‘zaro hamkorlikdagi ishlar ko‘lami kengayib bormoqda.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 29-30 mart kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Ushbu tashrif, umuman Turkiya-O‘zbekiston hamkorlik rishtalari keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lib turibdi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchiilk palatasi deputatlari bu borada o‘z munosabatlarini bayon qilmoqda.

Dilbar USMONOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga rasmiy tashrifi ikkala do‘st mamlakat o‘rtasidagi sermahsul amaliy sheriklik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan 30 yil davomida savdo va investitsiya sohalaridagi aloqalar jadal rivojlandi. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga o‘sib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari 70 barobarga o‘sdi.

Davlat rahbarlari mamlakatimizdagi islohotlar borasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, fan, ta’lim, san’at, kino, turizm va axborot sohalaridagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish muhimligini qayd etdi. Hamkorlik ko‘lami kengayganini hisobga olib, tomonlar ikki yoqlama munosabatlarni yangi darajaga – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga olib chiqishga qaror qildilar.

O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan hujjatlardan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim, davlat chegaralari orqali tovarlar va transport vositalarining o‘tishi haqida oldindan axborot almashish to‘g‘risidagi bayonnoma, mehnat va bandlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi, sud ekspertizasi sohasida hamkorlik memorandumi, qurilish sohasida anglashuv memorandumi, sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan Turkiyaning “Anadolu” agentligi o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolangani do‘st mamlakat bilan munosabatlarimiz yuqori darajaga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan o‘zaro strategik sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani yurtimizning istiqbolga yuz tutayotgani, dunyo hamjamiyatida obro‘ va e’tibori oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Feruza NIG‘MATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– Turkiya Prezidentining yurtimizga, davlatimiz rahbarining Turkiyaga rasmiy tashriflari chog‘idagi kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari bilan bog‘langan yangi sahifa ochilishiga zamin yaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2016 yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 2020 yil yakunlariga ko‘ra, 2016 yilga nisbatan ikki barobar o‘sdi va 2 milliard AQSH dollaridan oshdi. Yaqin istiqboldagi rejada esa bu ko‘rsatkichlarni 5 milliard AQSH dollariga ko‘tarish belgilangan.

bugungi kunda mamlakatimizda xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat yuritayotgan korxonalar umumiy sonining 12 foizini turk kapitali ishtirokidagi korxonalar tashkil etmoqda. Turkiya dunyoning 20 ta yirik iqtisodiy rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanishi va O‘zbekiston uchun muhim hisoblangan turizm, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, qurilish, oziq-ovqat sanoati sohalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritganligi biz uchun muhim iqtisodiy sherik ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Kundalik turmushimizda, ayniqsa, ayollar orasida eng xaridorgir kiyim-kechaklar mazkur mamlakatda ishlab chiqarilgan bo‘ladi. Savol tug‘ilishi tabiiy. Nima uchun?

Turkiyaning to‘qimachilik va zargarlik buyumlari sanoati dunyodagi kuchli beshtalikka kiradi. Demak, kiyim-kechak, to‘qimachilik mahsulotlarining sifati ham shunga yarasha. Oxirgi yillarda mamlakatimizda ham aynan Turkiya bilan hamkorlikda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxonalar sonining oshib borayotganligi, ularning asosiy mahsuloti eksportga yo‘naltirilganligi ham mahsulotlarning sifati yaxshilanib, jahon standartlariga javob berayotganligidan dalolat.

Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarning ham katta qismini turk sayyohlari tashkil etadi. Demak, O‘zbekiston shiddat bilan rivojlanayotgan sayyohlik xizmatlari bozori sifatida mazkur yo‘nalish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari qatoridan joy olgan Turkiyani befarq qoldirmasligi tabiiy.

Maxfirat XUSHVAQTOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

– O‘zbekiston va Turkiya azaldan tarixi va madaniyati bir bo‘lgan mamlakatlardir. Shu bois, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, madaniyat va ta’lim kabi sohalardagi hamkorlik aloqalari yil sayin kengayib bormoqda. Ayniqsa, ushbu hamkorlik aloqalari so‘nggi besh yilda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bunda esa ikki mamlakat rahbarlarining muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlari hamda samimiy muloqotlarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.

Jumladan, o‘tgan qisqa vaqt ichida ikki davlat rahbarlarining besh marotaba tashriflari amalga oshirildi. Turkiya Prezidentining 2022 yilning 29-30 mart kunlarida O‘zbekistonga tashrifi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi.

Tashrifning birinchi kunida Turkiyaning “Cengiz Enerji” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida amalga oshirilgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirish hamda Sirdaryo viloyatida shunday stansiya qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu majmualar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik samaralarining yorqin ifodasidir. Ta’kidlash joizki, oxirgi bir yilning o‘zida turkiyalik kompaniyalar bilan birgalikda O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun juda muhim bo‘lgan 5 ta yirik energetika loyihalari amalga oshirildi.

Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan Turkiyaning “Anadolu” agentligi o‘rtasida ham Hamkorlik bitimi imzolandi. Bu esa ikki mamlakat xalqlarini doimiy ravishda mamlakatlardagi ulkan o‘zgarishlar, birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda boy madaniy meros bilan yaqindan tanishtirib borish imkonini beradi.

Muhtarama Komilova, O‘zA