O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini ilm-fan va ta’limsiz tasavvur etib bo‘lmaydi

O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini ilm-fan va ta’limsiz tasavvur etib bo‘lmaydi

2022 yilda dunyo siyosatida bir qator inqirozlar kuzatilmoqda. Qaltis va tahlikali vaziyatda O‘zbekiston tashqi siyosatida rivojlanish, yuksalish yuz berayotganligi iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

O‘zbekiston tashqi siyosati o‘ziga xosligi, har ikkala tomonning manfaatlarini ifodalashi, do‘stlik va samimiylik ruhining kuchliligi bilan ham alohida ajralib turadi. Mamlakatimiz jahonda yuz berayotgan muammolarga diplomatik yechimlar topish g‘oyasini ilgari surayotganligi bilan ham xalqaro ekspertlarning e’tiborini tortmoqda.

2016 yil O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi davr boshlandi. Bu Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdog‘an asos solgan xalqlarimizni bir maqsad yo‘lida birlashtirish, yaqinlashtirish konsepsiyasidir. Mamlakatlarimiz rahbarlarining bu tashabbusi butun turk dunyosida aks sado bermoqda.

bugungi notinch dunyoda turk xalqlarining birlashuvi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, o‘zaro hurmat, qardoshlik nuqtai-nazaridan qarashi zaruratga aylangan. O‘zbekistonning turk dunyosidagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotganligi, ta’sir doirasi kengayayotganligi, bu – o‘zaro ishonchli munosabatlarning yo‘lga qo‘yilgani bilan bog‘liqdir.

Olgan Bekar, Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi: – Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonning eng qadimiy ta’lim dargohlaridan biridir. Bu ilm-ma’rifat maskani bilan Turkiya oliy ta’lim muassasalarining hamkorligi juda olis tarixga borib taqaladi. SamDU bilan munosabatlarimizni yanada kengaytirish niyatidamiz. Samarqand davlat universitetida Turkiya madaniyat markazining ochish yuzasidan kelishuvga erishdik. Bu boshlanishi. Samarqanddagi faoliyatimizda SamDU alohida o‘rin tutib kelgan. Turk madaniyati, tarixi, adabiyoti targ‘ibotida ham mazkur ta’lim dargohi muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini ilm-fan va ta’limsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Samarqand davlat universiteti Turkiyaning 15 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Bu hamkorlik turli rasmiyatchiliklardan xoli bo‘lib, asosan, amaliy ishlarga qaratilgan.

Istanbul, Anqara Yildirim Boyazid, Mug‘la Sitki Ko‘chman, Anqara, Kavkas, Anqara gumanitar fanlar, Ostim texnika, Xoji Bayram vali, Eskishahar Osmangazi, Marmara, Inonu, Afyon Ko‘chatepa, Firat universitetlarida Samarqand davlat universitetining olimlari, talabalari amaliyot o‘tayotgani, hamkorlikda ilmiy loyihalarni olib borayotganligi, talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilganligi e’tirofga sazovor.

Turkiya oliy o‘quv yurtlari bilan SamDU universiteti o‘rtasidagi munosabatlar samimiy do‘stlik, tarixiy qardoshlik asosiga qurilgan. Bunda nafaqat o‘zbekistonlik olimlarning Turkiyaga yuborilishi, balki turkiyalik doktorantlarning O‘zbekistonda ilmiy izlanishlar olib borishi, turk olimlarining universitet talabalariga dars o‘tishi kabi masalalar ham inobatga olingan.

Buning natijasida, har ikkala tomonda ham taklif va tashabbuslarni ilgari surish, yangilik va o‘zgarishlarga erishish borasida harakatlar davom etmoqda. Turkiyaning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari hisoblangan Istanbul hamda Anqara Yildirim Boyazid universitetlari nufuzli delegatsiyalarining SamDUda bo‘lishi va o‘z navbatida javob tashriflarining uyushtirilishi, xalqaro anjumanlar, simpoziumlar tashkil etilishi fikrimizga yorqin dalil bo‘la oladi.

Butun turk dunyosining eng mashhur olimi, Nobel mukofotining laureati Aziz Sanjarning SamDUga keyingi yillarda ikki marta tashrif buyurishi mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotidagi ulkan voqealardan biridir. Mazkur tashriflarda Aziz Sanjar bilan bir qator kelishuvlarga erishildi. bugungi kunda bu ulug‘ olimning SamDU kimyo fakulteti talabalariga onlayn dars o‘tayotganligi ham juda katta tarixiy voqeadir.

2021 yil 21 sentyabr "Samarqand davlat universiteti kuni" munosabati bilan universitetga tashrif buyurgan Aziz Sanjar SamDU talabalari va olimlar korpusi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. SamDU yoshlarini Amerikaga o‘zi ishlayotgan Shimoliy Karolina universitetiga taklif etdi. Ularga ilmiy rahbarlik qilishga rozilik bildirdi.

Aziz Sanjar, Nobel mukofotining laureati: – Samarqand davlat universiteti men uchun juda qadrli. Buning uch eng muhim sabablarini aytmoqchiman: birinchidan, Samarqand davlat universiteti – Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi. Ikkinchidan, Mirzo Ulug‘bek mening e’zozimdagi olim va shaxs. Uchinchidan,O‘zbekiston turklarning ota makonidir. Men Mirzo Ulug‘bek qadami teggan Samarqand tuprog‘ini muqaddas, deb bilaman...

2022 yil yanvar oyida Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi boshchiligidagi delegatsiyaning Samarqandga kelishi, oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashishi o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Turkiya Oliy ta’lim kengashi raisi Erol O‘zvarning mana bu fikrlariga e’tibor qaratsak: – Ota makonimiz O‘zbekistondagi buyuk islohotlar bizni juda quvontirmoqda. O‘ylaymanki, biz ham bunda yelkadosh bo‘lib, hamkorlikda ish olib borishimiz kerak. Oliy ta’lim har qanday davlat taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida jamiyatdagi barcha sohalar bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, inson resursi, ya’ni malakali kadrlar tayyorlashdek eng muhim vazifa oliy o‘quv muassasalari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bizning o‘zaro munosabatlarimizda Samarqand davlat universiteti alohida o‘rin tutadi. bugungi kunda SamDU Turkiyaning 20 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari bilan amaliy hamkorlik qilayotganligini o‘rnak sifatida ko‘rsatmoqchiman.

Bugun biz yashayotgan dunyo ilm-fanning eng ilg‘or yutuqlarini o‘zida mujassamlashtirgani bilan ham jahon olimlarini o‘zaro birdamlikka, hamkorlikka chaqirmoqda. Ilm-fan u qayerda rivojlanmasin, paydo bo‘lmasin, jahon taraqqiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Bu haqiqat XXI asrga kelib yanada dolzarblik kasb etdi. Ilm-fan mamlakatlar yuksalishida asosiy omil vazifasini o‘tay boshladi. Buning oqibatida dunyo bir butunlik kasb etganini ham tan olishimizga to‘g‘ri keladi. Turkiya va O‘zbekistonning oliy ta’lim sohasidagi hamkorligini bir qator afzallik va qulayliklari borligiga ham alohida e’tibor qaratish kerak. Bu tilimiz, dinimiz va xalqlarimizning yaqin qondosh va qardoshligidir. Mazkur omillar bir-birini anglashda, bir-birini tushunishda juda muhim o‘rin tutadi. Bir necha marta Turkiyaga safarimiz davomida bunga amin bo‘ldik. Turk do‘stlarimizning Samarqandga tashrifida ham bu yaqqol ko‘zga tashlandi. Turkiya ilm-fani Yevropa ilm-faniga integratsiyalashganligi bilan ham O‘zbekiston uchun juda muhimdir. Ilg‘or Yevropa ilm-faniga yaqinlashishimizda Turkiya ilm-fani bizga ko‘prik vazifasini o‘taydi, deb o‘ylayman.

Mahmud AK, Istanbul universiteti rektori, professor:

– Samarqand va Istanbul universitetlari hamkorligi Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchilar davriga borib taqaladi. 2021 yil sentyabr oyida Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tantanalarida ishtirok etgandim. Bu galgi tashrifdan maqsad birdamligimizni yanada kuchaytirish. Ayni jarayonda tashabbus ko‘rsatayotgani uchun SamDU ma’muriyatiga minnatdorlik bildiraman. O‘zbekistonda o‘zbek-turk universiteti tashkil qilinishi hamkorlik aloqalari tarixida yangi sahifa ochishi shubhasiz. Biz O‘zbekistonni, Samarqandni juda yaxshi ko‘ramiz!

Istanbul universiteti rektori Mahmud AK keyingi yillarda Samarqand davlat universitetiga bir necha marta tashrif buyurdi. Bu tashriflar davomida memorandum va hujjatlar imzolandi. Hamkorlikdagi ilmiy loyihalar doirasi kengaydi. Talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi izchillik bilan davom ettirilmoqda. Istanbul va Samarqand davlat universitetlari hamkorlikda O‘zbekistondagi ilk Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Xalqaro standartlar asosida xorijiy tillarni o‘rgatuvchi til markazini ochish yuzasidan ham dastlabki kelishuvlarga erishilganligini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istayman.

2021 yil noyabr oyida Samarqand davlat universiteti olimlari Anqara Yildirim Boyazid universitetida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi – TIKA tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekistonning o‘tmishi va buguni» simpoziumida ishtirok etdi.

Ibrohim Aydinli, Anqara Yildirim Boyazid universiteti rektori:

– Turk davlatlar tashkilotining Istanbul sammiti bo‘lib o‘tayotgan tarixiy kunlarda Samarqand davlat universiteti bilan «O‘zbekistonning o‘tmishi va buguni» simpoziumi tashkil qilingani baxtli tasodif. Sammit bizning anjumanga ham o‘zgacha, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zaro ahil do‘stlikka, tarixiy qardoshlikka yo‘g‘rilgan munosabati barcha sohalar bo‘yicha o‘zaro aloqa yanada kuchayishiga xizmat qilmoqda.

SamDU bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik bardavom bo‘lishiga ishonaman. Buning uchun har ikki tomonda barcha imkoniyat mavjud. Biz O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarda Samarqand davlat universitetiga alohida e’tibor beramiz. Rivojlangan Turkiya ilm-fani yutuqlari bilan bo‘lishishga tayyormiz.

Ilm-fan va ta’lim hatto bundan o‘n asrlar muqaddam ham chegara bilmagan. Shuning uchun ham Al-Farg‘oniy Nil daryosi sathini o‘lchaydigan Nilometrni kashf qilgan. Az-Zamaxshariy arab tili grammatikasi darsligini yaratgan. Beruniy okean ortida quruqlik borligini birinchi bo‘lib aytgan. Mirzo Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi bugungi Istanbul universitetiga asos solgani bilan tarixda qolgan. Lekin shunday davrlar ham bo‘ldiki, bu oltin qoidalar unutildi. Ilm-fan va ta’lim siyosatga bo‘ysundirildi. Buning natijasida juda katta yo‘qotishlar va uzoqlashishlar yuz berganini ham afsus-nadomatlar bilan ta’kidlash lozim.

2016 yilga kelib, aynan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan juda ko‘p cheklovlar, chegaralashlar bartaraf etildi. O‘zbekiston rahbari nafaqat Markaziy Osiyodagi siyosiy muvozanatni tikladi, balki butun dunyoga mamlakatimiz ochiqligini e’lon qildi. Bugun Turkiyaning o‘ta rivojlangan ta’lim tizimi va ilm-fan sohasi biz uchun juda muhim va zarurligini his etamiz. Bu tajriba va taraqqiyotdan andoza olishimiz, hamkorlikni ilmiy istiqbollarini belgilab olishimiz kerakligini davrning o‘zi bizdan talab qilmoqda.



Rustam XOLMURODOV,

Sharof Rashidov nomidagi

Samarqand davlat universiteti rektori, professor,

Oliy Majlis Senati a’zosi