O‘zA va “Anadolu” o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolandi

O‘zA va “Anadolu” o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 dekabrda e’lon qilingan “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, agentligimiz tomonidan jahondagi yetakchi axborot agentliklari bilan axborot almashish sohasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun ayni yo‘nalishda navbatdagi qadam qo‘yildi. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA va Turkiyaning Anadolu agentligi – AA o‘rtasida Hamkorlik bitimi imzolandi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi mavjud yaqin aloqalarga tayanib, ikki mamlakatda hamda jahonda yuz berayotgan voqealar to‘g‘risida muntazam ishonchli ma’lumot almashish maqsadida yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlikni ta’minlovchi ushbu muhim hujjatni O‘zA nomidan Bosh direktor Abdusaid Ko‘chimov va AA tomonidan Anadolu axborot agentligi boshqaruvi kengashi raisi – Bosh direktor Serdar Karago‘z imzoladilar.

Ma’lumki, O‘zA davlatimizning yagona rasmiy axborot manbai va mamlakatdagi yetakchi axborot agentligidir. Xuddi shunday, “Anadolu” ham qardosh Turkiyaning asosiy axborot uzatuvchi organi hisoblanadi.

bugungi kunda O‘zA O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari faoliyati va mamlakatdagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarni batafsil yoritib kelmoqda. Agentlikning viloyatlardagi muxbirlari tarmog‘i yurtimizning barcha hududlaridagi o‘zgarishlar, yangiliklar haqida tezkor va haqqoniy axborot uzatish imkonini bermoqda. O‘zA yangiliklari, tahliliy maqolalari va boshqa turli janrlardagi materiallari o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab, qozoq va xitoy tillarida tarqatiladi.

Qarorgohi Anqara shahrida joylashgan “Anadolu” bugungi kunda haqli ravishda dunyoning yetakchi axborot agentliklaridan biri sifatida e’tirof etiladi. 30 dan ziyod davlatda bo‘limlari ochilgan AA turk, alban, ingliz, arab, bosniya, kurd, makedon, fors, rus, fransuz tillarida faoliyat yuritadi.

Ishonchimiz komilki, mazkur bitimning imzolanishi yangi bosqichga ko‘tarilayotgan O‘zbekiston va Turkiya Strategik sherikligini, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtasini yanada mustahkamlashga, xorijiy davlatlarda mamlakatlarimiz haqida xolis axborot tarqatish va yurtimiz obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.



G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA