Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning mamlakatimizga tashrifi boshlandi. Oliy martabali mehmon dastlab rafiqasi bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi hamrohligida Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.

Bu muhim voqea ilk xorijiy davlat rahbarining tashrifi sifatida majmua tarixida qoladigan bo‘ldi.

Rejep Tayyip Erdog‘an va Emine Erdog‘an Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.

Mehmonlarga 3 ming yillik o‘zbek davlatchiligi tarixini aks ettirgan kompozitsiya haqida ma’lumot berildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimiz yaqinida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining o‘ziga xos tarovati har qanday kishini hayajonga soladi. Betakror majmua ko‘z oldimizda mamlakatimizning yangi qiyofasi, xalqimiz ahilligining o‘ziga xos timsoli tarzida namoyon bo‘ladi.

Ayniqsa, bog‘ markazida joylashgan Mustaqillik monumenti elimizning qadim o‘tmishini, yurtimizdagi shonli voqealarni badiiy aks ettirgani bilan barchamiz uchun qadrli. Monumentning eng yuqori qismida, go‘yoki, mag‘rur parvoz qilayotgan Humo qushi tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli bo‘lib ko‘kka intilmoqda.

Tashrif davom etmoqda.



A.Musayev, O‘zA