Turkiya Prezidenti rasmiy tashrif bilan Oʼzbekistonda boʼladi

Turkiya Prezidenti rasmiy tashrif bilan Oʼzbekistonda boʼladi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʼan 29-30 mart kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʼladi.

Oliy martabali mehmon tashrif doirasida oliy darajadagi Oʼzbekiston-Turkiya strategik sheriklik kengashining ikkinchi yigʼilishida ishtirok etadi.

Oʼzbekiston va Turkiya yetakchilari oʼtkazadigan muzokaralarning kun tartibidan ikki tomonlama doʼstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatlarimiz oʼrtasidagi koʼp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari oʼrin olgan.

Asosiy eʼtibor savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, sanoat, logistika, turizm va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qoʼshma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirishga qaratiladi.

Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi. Sammit yakunida Qoʼshma bayonot va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.