Rassomlar ijodida Navro‘z talqini

Rassomlar ijodida Navro‘z talqini

Markaziy ko‘rgazmalar zalida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan an’anaviy ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimizning turli viloyatlari, jumladan, Buxoro, Samarqand, Namangan, Toshkent viloyati rassomlarining rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik asarlari tomoshabinlar e’tiboriga taqdim etildi.

Ular orasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari Vladimir Burmakin, Yanis Salpinkidis, Alisher Mirzo, Fayzulla Ahmadaliyev, G‘ofur Qodirovlar o‘z uslubiy yo‘nalishlariga sodiq qolgan holda, o‘zlarining professional mahorati va yuqori sifatlarini yana bir bor namoyish etdi.

Shuningdek, ijodiy izlanishda bo‘lgan mamlakatimizning yosh rassom vakillaridan Dilshod Vahobov, Rushana Alimova, Marjona To‘rabekova, Aziz Teshaboyevlar san’atning turli sohalarida erishilgan yutuqlarni transformatsiya va tahlil qilib yaratgan asarlari namoyish etilmoqda.

Ushbu ko‘rgazma – ijodkorlarning tabiat go‘zalligida chiziqlar va ranglarning o‘zaro uyg‘unligi mujassam bo‘lgan atrof–muhit bilan qanchalar darajada uzviy bog‘liqligini tomoshabinlarga yana bir bor namoyish etdi. Asarlarda asosan bahor manzaralari, yangilanayotgan tabiatning go‘zalligi tarannum etilgan.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan muxlislar 80 dan ortiq mualliflar tomonidan yaratilgan 250 ga yaqin ijod namunalaridan bahra oladi.



Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev, (surat) O‘zA