Germaniyada o‘zbek tilini o‘rganish kurslari ochildi

Germaniyada o‘zbek tilini o‘rganish kurslari ochildi

O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi tomonidan «Humo» nemis-o‘zbek madaniy jamiyati bilan hamorlikda vatandoshlar farzandlari uchun «O‘zbek tili va madaniyati» maxsus o‘quv kurslari tashkil qilindi.

Ushbu o‘quv kurslarining tantanali ochilishi marosimida Bosh konsul Olimjon Abdullayev mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, jumladan, xorijdagi yurtdoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora tadbirlar bilan tanishtirdi.
Ta’kidlash kerakki, «O‘zbek tili va madaniyati» maxsus kurslari uchun darslik va qo‘llanmalar «Vatandoshlar» jamoat fondi tomonidan taqdim etildi.

«Humo» nemis-o‘zbek madaniy jamiyati raisi Otabek Xoliqboyevning ta’kidlashicha, ushbu kurslarda nafaqat Frankfurt va unga yaqin aholi punktlaridan kelgan o‘zbek oilalarining farzandlari, balki o‘zbek xalqining tili, madaniyati hamda an’analariga qiziquvchi barcha vatandoshlar va chet fuqarolari qatnashishlari mumkinligini bildirdi.

Tadbirda yurtdoshlarimiz va ularning farzandlari, Frankfurtning tub aholisi vakillari ham ishtirok etdi. Ular tomonidan mahalliy aholi o‘rtasida o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani aytib o‘tildi.

Xususan, rassom Laura Zerlachning fikricha, til millatning o‘zligini, uning ma’naviy salohiyatini belgilaydi. Til – xalq tarixi va davlat taraqqiyotining ko‘zgusidir. O‘zbek tili xalqning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy, ma’naviy va badiiy tafakkuri, intelektual salohiyatining bebaho mahsuli sifatida dunyoning boy va qadimiy tillari qatoridan o‘rin olgan. O‘g‘lim bugundan boshlab o‘zbek tilini o‘rganishni boshladi. Mashg‘ulotlar davomida o‘zbek tili madaniyati va an’anasi, shuningdek, adabiy asarlar bilan yaqindan tanishganimizdan xursandmiz.



O‘zA