Eronda Temuriylar hukmronligi davriga oid yangi kitob chop etildi

Eronda Temuriylar hukmronligi davriga oid yangi kitob chop etildi

Mamlakatimizning Erondagi elchixonasi Tehron Ozod universiteti qoshidagi ilmiy tadqiqot instituti professori Akbar Rafe’iy bilan hamkorlikda “Temuriylar davri siyosiy-ijtimoiy tarixi” nomli kitobni chop etdi. Ushbu asar Eronning "Soroush Publications" nashriyoti tomonidan besh yuz nusxada chop etildi.

Shuni ta’kidlash joizki, Amir Temur va Temuriylar hukmronligi yillari Turonzamindan tashqari qator o‘lkalarda, jumladan, Eronda ham katta ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Eron Ozod universiteti professori Akbar Rafe’iy o‘z mamlakatida hayotga tatbiq etilgan ana shunday salmoqli islohotlarni kitobda batafsil yoritib bergan.

Akbar Rafe’iy Temuriylar davrining tarixi bo‘yicha eronlik taniqli mutaxassis, uzoq yillardan buyon bu yo‘nalishni birlamchi manbalar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olim sanaladi. Uning ushbu asari Turon va Eronning Temuriylar davridagi siyosiy-ijtimoiy tarixi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot mahsuli sifatida dunyo yuzini ko‘rdi. Muallif mavjud eng muhim tarixiy manbalar asosida o‘z qarashlari va ilmiy xulosalarini ilgari surgan.

Temuriylar sulolasi hukmronligi ostida bo‘lgan Turon, Ozarbayjon, Fors, Xuroson hududlarining siyosiy-harbiy holati, Mirzo Xalil Sultonning Samarqandda taxtga o‘tirishi va faoliyati, Shohruh Mirzo va uning vorislari Ulug‘bek, Abulqosim Bobur, Alouddavla, Sulton Abusaid Bahodurxon va Husayn Boyqaroning faoliyati asarning uchta bobida yoritilgan.
Muallif ushbu kitobda Temuriylar hukmronligi davridagi osuda hayot va oqilona siyosat ilm-fan, madaniyat va adabiyotning rivojlanishiga sabab bo‘lganligini ko‘rsatib bergan.

Muallif Akbar Rafe’iy o‘z asarida keltirishicha, Temuriylar zamoni Islom olami va Eron tarixida san’at va madaniyatning yuksalib, gullab-yashnagan davrlaridan biri bo‘lgan. Amir Temur va uning vorislari, xususan, Shohruh Mirzo va Sulton Husayn Boyqarolarning Eron hududida hukmronligi davrini, shubhasiz, Madaniy Renessans (uyg‘onish) davri, deb atash mumkin.
Shuningdek, ushbu asarda temuriy sultonlar va amirzodalarning e’tibori bilan shaharlarda katta obodonchilik ishlari olib borilgani shaharlarning ravnaq topishiga sabab bo‘lgani e’tirof etilgan. Bundan tashqari, kitobda Temuriylarning oqilona diniy siyosati mazhab masalalaridagi birdamlikka xizmat qilgani, Eronda mo‘g‘ullar hukmronligi davrida jiddiy talafot ko‘rgan shaharlar Temuriylar sulolasi vakillari — Shohruh Mirzo va Sulton Husayn Boyqaro davrida rivoj topgani singari muhim jihatlarga ham alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zA