Toshkent shahrida xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar ko‘paymoqda

Toshkent shahrida xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar ko‘paymoqda

Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Bu esa aholi hamda xorijiy investorlarning o‘z shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Toshkent shahar statistika boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning yanvar oyida 87 ta xorijiy kapital ishtirokidagi yangi korxona va tashkilot tashkil etildi.

Jumladan, mazkur xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning 26 tasi savdoda, 13 tasi sanoatda, 9 tasi qurilishda, 3 tasi yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida, 3 tasi axborot va aloqa sohasida, 5 tasi tashish va saqlashda, 4 tasi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda, 3 tasi qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaliklarida faoliyat boshlagan.

Shuni alohida aytish lozimki, ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 2022 yil 1 fevral holatiga ko‘ra 8,1 mingtadan iborat bo‘lib, ulardan 7,9 mingtasi yoki 96,9 foizi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,6 mingtaga yoki 9,6 foizga oshganini ko‘rish mumkin.



M.Komilova, O‘zA