“Orolni qutqaramiz” shiori ostida ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi

“Orolni qutqaramiz” shiori ostida ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi

Sportga berilayotgan yuksak e’tibor, sportning ommaviyligini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi natijasida aholi salomatligini mustahkamlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.

Birgina 2021 yilda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish uchun bir qator huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi ushbu sohaga bo‘lgan yuksak e’tiborning namunasidir. Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi hamda viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi hamkorligida Guliston shahrida “Save Aral-2022” (“Orolni qutqaramiz”) shiori ostidagi ommaviy yugurish marafoni bo‘ldi. Marafonga Guliston shahrining “Guliston” ko‘chasida start berildi. Ishtirokchilar Islom Karimov va Alisher Navoiy ko‘chalari bo‘ylab jami 3 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi.

Yugurish marafonida qizlar o‘rtasida marraga birinchi bo‘lib Anastasiya Silchinkova yetib kelgan bo‘lsa, finish chizig‘ini ikkinchi bo‘lib Darya Antropova bosib o‘tdi. Faxrli 3-o‘rin Despina Bandaletovaga nasib etdi. O‘g‘il bolalar o‘rtasida Viktor Surenko g‘olib, deb topilgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Fayzulla Po‘latxo‘jayev va 3-o‘rinni Faxriddin Amutov egalladi. Shuningdek, “Eng yosh qiz bola ishtirokchi”, “Eng yosh o‘g‘il bola ishtirokchi”, “Eng yoshi katta ayol ishtirokchi”, "Eng yoshi katta erkak ishtirokchi”, “Eng faxriy ishtirokchi”, “Eng faol tashkilotchi”, “Yengil atletika fidoyisi”, “Doimiy hamkorlik uchun” nominatsiyalari bo‘yicha munosiblar rag‘batlantirildi. Yugurish marafoni sovrindorlariga sovg‘alar taqdim etildi.

Sh,Suyarov,
F.Toshmatov(surat), O‘zA