Samarqanddagi maktab o‘quvchisi Janubiy Florida universiteti talabasi bo‘ldi

Samarqanddagi maktab o‘quvchisi Janubiy Florida universiteti talabasi bo‘ldi

Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Suhrob Murodov muddatidan oldin grant asosida AQSHdagi Janubiy Florida universiteti (University of South Florida) talabasi bo‘ldi.

– 6-sinfdan buyon ingliz tilini o‘rganib kelyapman, – deydi Suhrob bu muvaffaqiyati siri haqida gapirib. – Ingliz tilidan C2 sertifikatini olganman. Shuningdek, xalqaro matematika va ingliz tilida tanqidiy fikrlash bo‘yicha SAT imtihonida 1460 ballni qo‘lga kiritgandim.

Maktabni bitirib, xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni niyat qilgandim. Shu maqsadda yaqinda Amerikaning 6 ta eng nufuzli universitetlariga hujjatlarimni topshirdim. Ulardan to‘rttasi meni o‘qishga qabul qilishiga to‘la kafolat berdi.

Ikkitasi – USF (University of South Florida) va Case Western Reserve University esa grant asosida o‘qishga qabul qilinganimni ma’lum qildi. Men USFni tanladim. Agar inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, unga astoydil intilsa, o‘qish va izlanishdan to‘xtamasa, albatta niyatiga erishar ekan.

Suhrob Murodov 2021 yilning 29-30 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Poliglot” tanlovida ikkinchi o‘rinni egallagan hamda til bilish darajasi bo‘yicha xalqaro C2 sertifikatini qo‘lga kiritgan.



G‘.HASANOV, O‘zA