Qizilo‘ngach atreziyasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda tig‘siz jarrohlik o‘tkazildi

Qizilo‘ngach atreziyasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda tig‘siz jarrohlik o‘tkazildi

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ko‘plab murakkab operatsiyalar o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur amaliyotlarning ahamiyati shundaki, ular bola tug‘ilishi bilan bajarilmasa, go‘dakning kelgusi hayoti xavf ostida qoladi.

Muassasada xuddi shunday jajji bemorlarning ikki nafari o‘ta murakkab jarrohlik muolajasidan so‘ng sog‘ayib, hayotga qaytdi.

Ularning ikkisi ham tug‘ma qizilo‘ngach atreziyasi bilan dunyoga kelgan. Avval bunday operatsiyalar chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilar edi. Bu gal qizilo‘ngach atreziyasining torakoskopik amaliyoti mahalliy shifokorlar tomonidan ilk bor mustaqil o‘tkazildi.

– Ayrim chaqaloqlarda qizilo‘ngachning berk bo‘lishi, umuman bo‘lmasligi yoki o‘pkaga borib ulanishi kabi holatlar uchraydi, – deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev. – Yaqin yillargacha yurtimizda qizilo‘ngach atreziyasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni saqlab qolish imkoni bo‘lmagan. Keyinchalik bunday dard bilan tug‘ilgan go‘daklarni operatsiya orqali davolay boshladik. Ammo o‘sha paytda bunday amaliyotlar kesish yo‘li bilan bajarilgan.

Yaqindan boshlab Rossiyaning Irkutsk bolalar klinik shifoxonasi xirurgi Yuriy Kozlov bilan hamkorlikda qizilo‘ngach atreziyasini torakoskopik usulda, ya’ni tig‘ tekkizmasdan operatsiya qilishni boshladik. O‘tgan yilning 29 va 31 dekabr — Yangi yil oqshomida xuddi shu xastalik bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni operatsiya qildik. Qariyb 4 soat davom etgan murakkab amaliyot natijasi nafaqat bemorning oilasi, balki biz, shifokorlar uchun ham juda muhim edi. Chunki yuqori texnologik noyob operatsiyani ilk bor mustaqil amalga oshirgandik.

Ta’kidlanishicha, torakoskopik usuldagi xirurgik amaliyotdan so‘ng chaqaloqlarning to‘liq sog‘ayishi juda tez kechdi. Shu sababli qashqadaryolik M. Ravshanova va namanganlik N. To‘ychiyeva tug‘ma kasallik bilan dunyoga kelgan farzandlarini qisqa muddatda bag‘riga oldi.

Professor B. Ergashevning ta’kidlashicha, bunday murakkab kasalliklarning tug‘ruqdan oldin aniqlanishi undan xalos bo‘lishning asosiy omilidir. Neonatal xirurgiyaning mohiyati shundaki, u xastalikni bola dunyoga kelgan ilk kunlardayoq oldini oladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, o‘zbek neonatal xirurgiyasi Markaziy Osiyo davlatlaridan, hatto Rossiyaning ayrim hududlaridan ham yuqori saviyada ekani e’tirof etilmoqda.

Xususan, qizilo‘ngach atreziyasining torakoskopik operatsiyasi dunyoning sanoqli davlatlarida, faqatgina o‘ta malakali xirurglar tomonidan amalga oshiriladi.

Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazi mutaxassislari esa o‘tgan yilning o‘zida 6 ta ana shunday yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘zlashtirdi. Bu esa nafaqat markazning, balki milliy tibbiyotimizning katta yutug‘idir.

O‘zA