Andijondagi maktablarda “Varshava sinf”lari tashkil etiladi

Andijondagi maktablarda “Varshava sinf”lari tashkil etiladi

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamda Varshava menejment universiteti Andijon filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ta’lim sifatini oshirish, xalqaro tajribalar hamda xorijiy oliy o‘quv yurtlari imkoniyatlaridan oqilona foydalanish, maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ko‘lami kengaytirib borilmoqda.

Shu kunga qadar Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari, shuningdek, O‘zbekiston-Sharda universiteti, Farg‘ona shahridagi O‘zbekiston-Koreya universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan edi. Endi ularning safiga Asaka tumanida tashkil etilgan "Collegium Humanum" Varshava menejment universitetining Andijon filiali ham qo‘shildi. Hamkorlik memorandumida viloyatdagi umumta’lim muassasalarida 2022 yildan boshlab "Varshava sinf"larini tashkil etish, maktab bitiruvchilariga oliy ta’lim muassasasiga kirish imtiyozini beruvchi "Collegium Humanum" Varshava menejment universiteti olimpiadasi" ni o‘tkazish hamda universitetning tajribali o‘qituvchilari ishtirokida umumta’lim maktablarida mahorat darslari o‘tkazish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilangan.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA