Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda chop etiladigan jurnal

Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda chop etiladigan jurnal

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti 2022 yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib botanika sohasidagi to‘liq ingliz tilida chop etiluvchi «Plant Diversity of Central Asia» (PDCA) jurnalini nashr etishni yo‘lga qo‘ydi.

Jurnal Markaziy Osiyo hududidagi barcha o‘simliklarning (suv o‘tlar, yo‘sinlar va zamburug‘lar ham bundan mustasno emas) taksonomiyasi, biogeografiyasi, evolyutsiyasi, filogeniyasi, muhofazasi va shu kabi yo‘nalishlardagi tadqiqotlarni nashr etuvchi xalqaro jurnal hisoblanadi.

Jurnalning bosh muharriri professor Sergey Volis (Skopusda maqolalari soni 91 ta, h-indeksi 22). Professor o‘zining muharrirlik faoliyatini ilgari bir qancha jurnallarda, xususan, «Plant Diversity» (Xitoy), (2021 yildagi impakt faktori - 2.528); «Plos ONE» (AQSH) (2021 yildagi impakt faktori – 3.04) jurnallarida olib borgan.

Yordamchi muharrir sifatida jurnalda yana 22 nafar muharrir bo‘lib, ular Amerika Qo‘shma Shtatlari (Garvard universiteti), Yaponiya (Niigata universiteti), Rossiya (Moskva va Altay davlat universitetlari), Xitoy (Kunming Botanika instituti), Ispaniya (Pireney ekologiya instituti), Polsha (Yagellon va Opole universitetlari) va Janubiy Koreya (Changvon va Kongju universitetlari) kabi dunyoning 13 ta yetakchi mamlakatlarining ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan olimlari hisoblanadi. Jurnalning birinchi nashri 2022 yil yanvar oyida chop etildi. Nashr uchun qabul qilingan barcha maqolalar muharrirlar taqrizidan o‘tgach, jurnalning rasmiy veb-sahifasi (www.pdca.uz) orqali ommaga taqdim etib boriladi.

Barcha ilmiy maqolalar xalqaro jurnal standartlariga mos bo‘lib, www.doi.org registratsiya agentligidan ro‘yxatdan o‘tgan doimiy raqamli ob’ekt identifikatorlariga (DOI) ega. Jurnal №1192, 22-06-2021 raqamli guvohnoma bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, bosma (ISSN 2181-239X) va onlayn (ISSN 2181-2403) nashrlar uchun maxsus o‘z Xalqaro standart seriya raqamlariga (ISSN) ega.

O‘zA