O‘zbekiston va Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni oshiradi

O‘zbekiston va Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni oshiradi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Turkiya Respublikasi qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Turkiya tomoni ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmayotgan imkoniyatlarni, shuningdek, Turkiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tegishli vazirlik va idoralar bilan o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralarning konstruktiv xarakterini ta’kidladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, joriy yilning 7 fevral kuni Toshkent shahrida qishloq xo‘jaligi sohasida Qo‘shma ishchi guruhning 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar 14 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar to‘g‘risida fikr almashdilar. 9 fevral kuni esa aniq qo‘shma tashabbus va tadbirlarni o‘z ichiga olgan tegishli “Yo‘l xaritasi” imzolandi.

Tomonlar Turkiyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi muvaffaqiyatli tajribasini O‘zbekistonda joriy qilish istiqbollarini qayd etib, mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or turk ishlanmalarini joriy etish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va fermerlarning malakasini oshirish choralarini o‘z ichiga oladigan texnologiyalar transferi va ushbu sohada tajriba almashish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani ishlab chiqish va tasdiqlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu o‘rinda ikki mamlakatning yirik kompaniya va korxonalari vakillari ishtirokida hozirgi kunda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan qishloq xo‘jaligi tadbirkorlarining O‘zbeyeiston - Turkiya biznes-forumining dolzarbligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarini ilgari surish va amalga oshirish bo‘yicha keyingi tadbirlar kelishib olindi.



Go‘zal Sattorova, O‘zA