YeXHT koordinatori Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini e’tirof etdi

YeXHT koordinatori Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini e’tirof etdi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Elchi Per fon Arksni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama qilindi.

Rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, 2022 yil 3-4 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasi birgalikda amalga oshirilishining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘yicha fikr almashildi. Mazkur anjuman YeXHT va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan birgalikda tashkil etilmoqda.

- bugungi kunda O‘zbekiston jadal sur’at bilan rivojlanmoqda, taraqqiyot sari dadil odimlamoqda, - dedi Per fon Arks. - Eng muhimi, respublika endilikda nafaqat mintaqaviy darajada, balki xalqaro miqyosda ham o‘zining salmoqli o‘rniga ega. O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi hamkorlik eng dolzarb yo‘nalishlarda izchil davom etmoqda. Ayniqsa, demokratik saylovlar o‘tkazish, odil sudlovni ta’minlash kabi muhim jabhalarda birgalikda olib borilayotgan ishlar allaqachon o‘z natijalarini bera boshladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan loyihalarni amalga oshirishda tomonlar o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.

YeXHT Bosh kotibi Helga Shmidning joriy yil mart oyida O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.
Muzokara chog‘ida mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham ko‘rib chiqildi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA