Dushanbeda Alisher Navoiyning tavallud ayyomi nishonlandi

Dushanbeda Alisher Navoiyning tavallud ayyomi nishonlandi

Bugun soʻz mulkining sultoni – Mir Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligi dunyo boʻylab keng nishonlanmoqda. Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasida adabiy tadbir tashkil etildi.

Unda elchixona rahbariyati, shoir-u yozuvchilar, olim-u jurnalistlar va talabalar ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ergash Shoismatov tadbirni kirish soʻzi bilan ochar ekan, Mir Alisher Navoiyning ijodi, hayoti va asarlari bugun dunyo miqyosida keng oʻqib-oʻrganilayotganini qayd etdi.

Shu oʻrinda, Tojikiston Respublikasi hukumati nashri – “Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri Yoqubjon Abdumanonzoda ulugʻ mutafakkir bobomizning hayoti borasidagi qiziqarli maʼlumotlar haqida toʻxtalish barobarida, yurtimizda ham shoirga nisbatan katta ehtirom va hurmat koʻrsatilganligini taʼkidladi.

– Soʻnggi yillarda ikki qoʻshni davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi va tashabbusi bilan qardosh xalqlar doʻstligi yanada sayqal topdi. Buni barcha sohalarda kuzatish mumkin. Xususan, Tojikiston Prezidentining bevosita tashabbusi bilan mamlakatimiz poytaxti – Dushanbe shahrining markazida Mir Alisher Navoiy nomidagi madaniyat-istirohat bogʻi tashkil etildi. Uning ochilish marosimida esa, Tojikiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Emomali Rahmon va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevlarning bevosita ishtirok etishi esda qolarli voqea boʻldi, - dedi Yoqubjon Abdumanonzoda.

Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi aʼzosi, “Adabiyot” fondi direktori Akbar Abdullo shoir ijodi haqida soʻzlar ekan, uning davlat arbobi sifatidagi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Alisher Navoiy Bosh vazir oʻlaroq davlat ishlari bilan shugʻullanish barobarida, ilm-fan, adabiyot va madaniyat ahlini qoʻllab-quvvatlagani, bu sohalarning rivoji uchun katta imkoniyatlar yaratib berganligini yana bir bor eslab oʻtdi.

Navoiyni bugun butun dunyo oʻrganmoqda. Koʻplab mamlakatlarda navoiyshunoslik maktablari shakllanib ulgurgan. Jumladan, bizning yurtimizda ham.

Tojikistonda Navoiyni oʻrganish va navoiyshunoslik borasida maxsus maktab shakllangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Tojikiston Davlat pedagogika universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Rajabali Xidirov oʻz maʼruzasida yuqoridagi mavzuga alohida toʻxtaldi. Navoiyni oʻrganish Navoiy zamonidan boshlangan edi, – dedi u.

– Shoirning ustozi Abdurahmon Jomiy oʻz davridayoq Navoiy haqida koʻplab maʼlumotlarni yozib qoldirgan. Qolaversa, Davlatshoh Samarqandiy, Xondamir, Mirxondning asarlarida ham Navoiy haqida iliq fikrlar yozilgan.

Tojikistonda navoiyshunoslikning shakllanishiga munosib ulush qoʻshgan tojik olimlari Sharifjon Huseynzoda, Abugʻani Mirzoyev, Abduqodir Maniyozov, Muhammadvafo Baqoyevlar qatorida yurtimizdagi oʻzbek - filologiya fanlari doktorlari, professorlar Ergashali Shodiyev, Abdusalom Abduqodirov, Vahhob Rahmonovlarning xizmatlari ham yuksak baholandi.

Bugungi kunda esa, Baxtiyor Fayzulloyev, Olimjon Abdulloyev, Mavlonberdi Suyunov kabi olimlar Navoiyni oʻrganish borasida ilmiy izlanishlar olib borayotgani taʼkidlandi.

Tadbirda oʻzbekistonlik olimlar ham ishtirok etishdi. Jumladan, Termiz Davlat universiteti prorektori Obid Shofiyev, oʻzbek adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi Botir Oqboʻtayev, xorijiy tillar filologiyasi dekani Abdulla Xudoyqulov, tojik filologiyasi va sharq tillari kafedrasi dotsenti Ilhom Eshonqulovlar Alisher Navoiy ijodi haqida ilmiy maʼruzalar qilishdi.

Tadbir davomida talabalar tomonidan shoir ijodidan namunalar oʻqildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasida Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan tadbir yakunlangandan soʻng, oʻzbekistonlik mehmonlar “Xalq ovozi” gazetasi redaksiyasida mehmon boʻlishdi.

Zuhriddin UMAROV, “Xalq ovozi” gazetasi muxbiri

Tojikistondan OʻzA uchun maxsus