Bobur – she’riyat va musiqa bilimdoni

Bobur – she’riyat va musiqa bilimdoni

Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi

O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasida milliy adabiyotimizning yirik namoyondasi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligiga bag‘ishlab ma’rifiy kecha o‘tkazildi.

"Do‘stlar klubi" tuzilmasining "So‘z, ohang va tasvir" loyihasi doirasidagi ushbu tadbirga musiqashunoslar, kompozitorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.

O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, O‘zbek milliy maqom markazi rahbari Soyibjon Begmatov va boshqalar Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi nainki milliy adabiyotimiz, balki musiqa san’ati bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladilar.

Mutaxassislarning fikricha, Bobur mumtoz adabiyot va tarix, musiqa va san’atning bilimdoni edi. Diniy ta’limotga chin ixlos qo‘ygan Bobur har doim olimu fozillar davrasida bo‘lgandi. Ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom ko‘rgazib, homiylik qildi. Ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib turdi. Ijod va san’at ahliga bunday munosabati bejiz bo‘lmagan.

Olimlarning qayd etishicha, Bobur tabiatan ijodkor edi. Yigitlik yillaridan boshlab to umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shug‘ullandi. Musiqa ilmiga oid bir qancha risolalar yaratdi. Eng murakkab vaziyatlarda ham ijoddan to‘xtamadi.

Boburning ona tilimizga cheksiz ehtirom ramzi bo‘lgan betakror g‘azallari eng yuksak tuyg‘ularni g‘oyat nafis tarzda ifoda etishi bilan birga ajib musiqiy ohangi bilan ham jahon she’riyat muxlislari e’tiborini qozongan.

Tadbirda Bobur ijodidan namunalar yangradi. Uning g‘azallari bilan ijro etiluvchi qo‘shiqlar ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.



N.Usmonova, O‘zA