O‘zbekiston-Latviya: aviatsiya sohasida o‘zaro anglashuv bayonnomasi imzolandi

O‘zbekiston-Latviya: aviatsiya sohasida o‘zaro anglashuv bayonnomasi imzolandi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston-Latviya ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Latviyaning sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston – Latviya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 228 million dollarni tashkil etdi. Jumladan, eksport – 52,8 million dollar, import esa 175 million dollarni tashkil etgan.

bugungi kunda mamlakatimizda Latviya investorlari ishtirokidagi 68 ta kompaniya faoliyat yurityapti. Ulardan 46 ta qo‘shma korxona bo‘lsa, 22 tasi 100 foiz Latviya kapitaliga ega korxonalar hisoblanadi. Shuningdek, Latviyaning 1 ta vakolatxonasi ham O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston mahsulotlarini Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Yevropa Ittifoqiga yetkazib berishni alohida e’tibor qaratilyapti. Xususan, 2021 yil 10 sentyabrda Latviya davlat organlari, O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi elchixonasi, Latviya ishbilarmon doiralari va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirokida Riga shahrida onlayn formatda O‘zbekiston savdo uyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

O‘zbekiston – Latviya ishbilarmonlar kengashi muloqotida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligi, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga qaratilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlarni o‘tkazilmoqda. Bu esa O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi texnologik, transport-logistika va boshqa sohalardagi hamkorlikda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muzokaralarda, shuningdek, O‘zbekiston – Latviya transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Xususan, 2021 yilda Toshkent – Riga – Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovlarning qayta tiklanganligini alohida e’tirof etildi. Ushbu yo‘nalishda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv protokoli imzolandi. Unga muvofiq “Uzbekistan airways” va “AirBaltic” aviakompaniyalari o‘rtasida tijorat hamkorligi kengaytiriladi.

– Bu esa ikki mamlakat aviakompaniyalariga qo‘shma sheriklik qatnovlari orqali parvozlar geografiyasini kengaytirish imkonini beradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov. – “Uzbekistan Airways” AJ yo‘lovchilari “AirBaltic” aviakompaniyasi qatnovlar tarmog‘ining Tallin (Estoniya), Vilnyus (Litva), Stokgolm (Shvetsiya), Kopengagen (Daniya), Xelsinki (Finlyandiya) va Amsterdam (Niderlandiya) kabi yo‘nalishlarida parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. bugungi tadbirda xalqaro avtomobil tashuvlaridagi yig‘imlarni kamaytirish choralari ko‘rib chiqildi. Bu yig‘imlarni kamaytirilishi orqali, kelgusida O‘zbekistoning eksport tovarlarini nafaqat Markaziy Osiyo balki, Yevropa bozorlariga kirib borishi keng yo‘l ochadi.

– bugungi tadbir O‘zbekiston va Latviya mamlakatlari o‘rtasida transportning barcha turlari bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Latviya Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Uldis Reymanis. – Tadbirda 2022 yilga mo‘ljallangan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Hujjat 2022 yil uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari uchun to‘lovlarning kamaytirishga xizmat qiladi. Bu esa, avtomobil transportda yuk tashuvlari hajmini ko‘paytirish hamda yuklarni yetkazib berish zanjiri uzluksizligini ta’minlaydi.

Shahnoza Mamturopova, O‘zA