O‘tgan yili o‘zbek ijodkorlarining qaysi kitobi xorijda mashhur bo‘ldi?

O‘tgan yili o‘zbek ijodkorlarining qaysi kitobi xorijda mashhur bo‘ldi?
Keyingi yillarda milliy adabiyotimizga qaratilayotgan e’tibor o‘zbekistonlik yozuvchi va shoirlarning asarlarini jahonga kengroq tanishtirish imkonini bermoqda.Xo‘sh, so‘nggi yillarda jahon kitobxonlari qaysi ijodkorlarimiz asarlaridan ko‘proq bahramand bo‘ldilar? Qaysi yozuvchi va shoirning ijod namunalari chet tillariga tarjima bo‘ldi? Ushbu savol bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi bosh mutaxassisi Risolat HAYDAROVAga murojaat etdik.

– Mamlakatimizda o‘zbek ijodkorlarining asarlarini xorijiy tillarga o‘girish masalasi keyingi yillarda tobora rivoj topib borayotgani e’tiborga molikdir. Masalan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani AQSH va Turkiyada katta qiziqish uyg‘otdi. Baxtiyor Abdug‘afurning Ikkinchi jahon urushi yillarida qahramonlik ko‘rsatgan snayper qiz haqidagi “Uzbechka” romani Rossiyada, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani Yaponiyada chop etildi. Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani amerikalik kitobxonlar tomonidan yaxshi o‘qildi. Bolalar adibasi Muhabbat Yo‘ldoshevaning “Mening do‘stim – bulut” hikoyalar to‘plami AQSH va Janubiy Koreyada yosh kitobxonlar tomonidan juda yaxshi kutib olindi. Turkiyada Nargiza Asadning “Mujda” to‘plami chop etildi.

Milliy adabiyotimiz namunalarining chet ellarda chop etilishi, tarjima qilinishi qay tarzda amalga oshiriladi? Axir bularning bari moliyaviy jihatlarga ham bog‘liq-ku?

– Ko‘pincha bu kabi milliy adabiyotimiz namunalarini xorijlik o‘quvchilar e’tiboriga havola etish ikki mamlakat ijodkorlari ijodiy tuzilmalarining o‘zaro kelishuvi orqali amalga oshiriladi. Masalan, o‘tgan yili Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat-ul abror” dostoni Belarusda nashr etildi. Bizda esa Belarus yozuvchi va shoirlarining asarlari chop etildi.

– Xorijiy davriy nashrlarda ham o‘zbekistonlik yozuvchi va shoirlarning ijod namunalarini chop etish an’anasi tobora kengayib bormoqda, shunday emasmi?

–Chindan ham shunday. Rossiyaning “Kamerton” jurnalida Javlon Jovliyev, Shoyim Bo‘tayev, Xosiyat Rustamova kabi qator ijodkorlarning asarlari chop etildi. Rossiyaning “Masterskaya” gazeta-jurnalida Umid Ali, Ukrainaning “Avtograf” nashrida Shoyim Bo‘tayev, Nodirabegim Ibrohimova, kaminaning hikoyalari bosildi. Zulfiya Qurolboy qizining hikoyalari bolgar tilida chop etildi. Usmon Azim, Rustam Mirvohid, Oydinniso, Davron Iskandar kabi shoirlarning she’rlari Belarusning “Dalya glyadi” yillik to‘plamida chop etishga tavsiya qilindi.

Umuman bugun zamonaviy o‘zbek nasriga e’tibor kuchli bo‘lmoqda. Xurshid Do‘stmuhammad, Isajon Sulton, Javlon Jovliyevning ijodi Rossiyadagi jurnallarda qiziqish bilan o‘qilmoqda. Yaqinda Serbiyada va Belarusda Qo‘chqor Norqobilning kitoblari nashr etildi.

O‘zbek bolalar adabiyoti vakillari iliq kutib olinyapti. Gulnoz Tojiboyevaning “Jayhun va Alanga” ertak qissasi “Avtograf” jurnalida, “Obida” hikoyasi “Baykal” jurnalida nashr etildi. Shu bilan birga o‘zbekistonlik rusiyzabon adiblarimizning ijodi xorijiy jurnallarda katta e’tibor bilan chop etildi. Masalan fantast-yozuvchi Aleksandr Svistunovning hikoyalari Isroilning “Limonnik” almanaxida nashr etildi.

Umuman, ijodkorlar asarlarini xorijiy kitobxonga taqdim etishdek murakkab jarayon qanday kechadi?

–Aslida katta romanlarning tarjimasi bir necha yillik vaqt va mehnatni talab etadi. Yozuvchi va shoirlarimizning asarlari chet ellik o‘quvchilarning qiziqishiga qarab bosiladi. Dastlab yozuvchining hikoyalari chop etiladi. Bunday mas’uliyatli va murakkab jarayonda ham talab va ehtiyoj puxta o‘rganilgan holda olib boriladi. Dastlab kichik-kichik hikoyalarni tarjima etib, so‘ngra romanlar taqdim etiladi. Masalan, Baxtiyor Abdug‘afurning Ikkinchi jahon urushi yillari davri, o‘sha og‘ir yillarda o‘zbek snayper qizining qahramonliklari haqidagi asari keyingi yillarda yozilgan asar sifatida rus tiliga tarjima etilgan.

G‘alabaning 75 yilligi arafasida Rossiya adabiy jamoatchiligi aynan shu mavzuda keyingi yillarda yaratilgan “Uzbechka” romanini chop etishga jazm etdi. O‘zbek yozuvchisining bu kitobi Rossiyada katta qiziqish uyg‘otdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Avvallari ham o‘zbek ijodkorlarining asarlari ko‘p marta xorijiy tillarga tarjima etilgan. Masalan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari dunyoning 70 dan ortiq tillariga, ustoz ijodkor, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani ellikdan ortiq tilga, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsinning “Temur Malik” romani “Xo‘jand qal’asi” nomi bilan Yevropaning ko‘plab mamlakatlari, MDH xalqlari tillariga tarjima etilgan, katta qiziqish bilan o‘qilgan kitoblar sirasiga kiradi.

– Xorijda o‘zbek adib va shoirlarining kitoblari chop etilishiga oid ma’lumotlar qay yo‘sinda tartiblashtiriladi?

–Ko‘p yillar ilgari bu kabi kitoblarning xorijda chop etilishiga oid bibliografik ko‘rsatkichlar bilan Kitob palatasi degan tuzilma shug‘ullanardi. Keyinchalik bu tuzilma tarqatilgach, afsuski, hech qaysi tashkilot xorijda yozuvchi va shoirlarimizning kitoblari nashr etilishi bo‘yicha statistika, ma’lumotlarni yuritmaydigan bo‘ldi. Masalan, biz bu kabi ma’lumotlarni mustaqil tarzda, gohi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona orqali olsak, ko‘pincha turli manbalardan to‘playmiz. Bunda biz bilan hamkorlik qilayotgan xorijiy va qardosh mamlakatlarning ijodiy tashkilotlari ham ko‘mak beradi.

O‘tgan yili mamlakatimizda buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlandi. Shu bilan birga O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi, O‘tkir Hoshimovning 80 yilligi keng nishonlandi. Bu ijodkorlarning asarlari ham chet elda ko‘p bora nashr etilganidan xabardormiz...

–Darhaqiqat, shunday. Alisher Navoiyning g‘azallaridan iborat to‘plam AQSHda, “Xamsa”, “Muhokamat-ul lug‘atayn” asari Qozog‘istonda, “Mahbub-ul qulub” Belarusda, shuningdek, Ozarboyjonda “Xamsa” va “Mahbub-ul qulub” chop etildi. Ustoz shoirimiz Abdulla Oripovning she’riy to‘plamlari AQSH, Kanada kabi davlatlarda chop etilgani quvonchlidir. O‘tkir Hoshimovning hikoyalari turk tilida chop etildi.

– O‘zi umuman, chet ellarda yozuvchi va shoirlarimiz asarlariga bo‘lgan qiziqish qanday jihatlar bilan belgilanadi, bu qiziqish nimalarda aks etadi?

–Har qanday kitob ham o‘quvchi uchun qiziq bo‘lavermaydi. Masalan, asarning jahoniy tamoyillar asosida yozilgani, g‘oyaning umuminsoniy jihatlarni qamragani, global mavzuning ko‘tarilgani o‘quvchi uchun juda qiziqarlidir. Aytganimdek, barcha asar ham dunyo kitobxoni uchun tushunarli bo‘lavermaydi. Qarang, Chingiz Aytmatov oddiy insonning jamiyat, tabiat bilan bog‘liq global muammolarni aks ettirgani uchun kitoblari dunyoning ko‘plab tillarida sevib mutolaa etiladi.

Hozir o‘quvchi asarlarda milliy qiyofaning o‘ziga xos qirrasi ochilishini kutadi. Deylik, Xurshid Do‘stmuhammadning “Katta ko‘cha” nomli zalvorli hikoyasida inson bilan jamiyatning o‘rtasidagi munosabatlar juda chuqur, teran ochib berilgan. Bu hikoya rus tiliga tarjima qilindi. Yaqin vaqt ichida uni xorij nashrlarida uchratsak kerak. Yoshlarimiz faoliyatida esa jahon adabiy tendensiyalariga ergashish, intilish kuchli bo‘lgani sababli, ularning ijodiga qiziqish katta. Bolalar adabiyotida esa Sharq og‘zaki ijodi an’analarining zamonaviy interpretatsiyasi xorijlik o‘quvchini juda qiziqtiradi.

Tarjimada aynan o‘zbek xarakterini ochib beradigan, boshqalarga uni munosib tarzda ko‘rsata oladigan asarlar qiziqarlidir. Qarang, Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” asari Rossiyada qiziqish uyg‘otdi. Sababi unda o‘zbek xarakteri juda teran ochib berilgan, inson, jamiyat va tabiatning uyg‘unligi o‘ziga xos tarzda tasvir etilgan. Shu o‘rinda aytish joizki, bugungi axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan kunda, kitoblarni elektron tarzda o‘qish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani o‘zbek adib va shoirlari asarlarini xorijda ham tobora ko‘proq o‘qilishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, badiiy jihatdan barkamol, yetuk, mukammal o‘quvchi qay mamlakatda bo‘lmasin, o‘z o‘quvchisni topib olaverishini davr isbotlamoqda.

Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

O‘zA muxbiri

Nazokat Usmonova

suhbatlashdi