Amir Temur asos solib, mustabid tuzumda omborxonaga aylantirilgan majmua

Amir Temur asos solib, mustabid tuzumda omborxonaga aylantirilgan majmua

Toshkent vohasi o‘z tarixida taqdirning ko‘p sinovlarini, shahar va qishloqlarni vayronaga aylantirgan mo‘g‘illar bosqini kabi og‘ir davrlarni boshdan kechirgan.

Tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lishicha, faqat Amir Temur davriga kelib, vohada qaytadan rivojlanish boshlangan. Ko‘plab shahar- qishloqlar yangidan qad rostlab, obod bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahridan 16 chaqirim g‘arbda, Samarqandga o‘tadigan qadimiy karvon yo‘lida, Chirchiq daryosining o‘ng sohilida, Zangiota qishlog‘ining markazida qad rostlagan Zangiota majmuasi Amir Temur tomonidan qurilgan.

Ma’lumki, Zangi ota hazratlari Markaziy Osiyo mintaqasida ІX–XІІ asrlarda yuz bergan birinchi ilmiy-madaniy yuksalish, ya’ni ilk Sharq Uyg‘onish davrining namoyandasi, o‘z zamonida hikmat va ma’naviyat, din va tasavvuf rivojiga katta hissa qo‘shgan mutasavvif va avliyo bobolarimizdandir.

Necha yuz yillardan buyon Zangi ota shaxsiga bo‘lgan qiziqish susaymagan, aksincha, ortib bormoqda. Rivoyatlarga ko‘ra, Oyxoja ibn Tojxojaning yoshlik yillari ІX–XІІ asrlarda Markaziy Osiyodagi eng yirik shaharlardan biri – Binketda (hozirgi Toshkentda) kechgan. Hozirgi Zangiota qishlog‘iga aynan shu zot asos solgan. U kishi 1 258 yilgacha, ya’ni vafotiga qadar qariyb qirq yil davomida Anbar ona bilan birga shu qishloqda yashagan. Juda ko‘plab odamlarga – oddiy dehqonlardan tortib turli darajadagi hukmdorlarga ham diniy-ma’naviy ustozlik qilgan. Vafotidan so‘ng u zotning mozori nainki mahalliy, balki olis mintaqalardan keladigan kishilar uchun ham ziyoratgohga aylangan.

Shu tariqa Zangiota mozori ustida ziyoratgoh ko‘rinishidagi dastlabki kamtarona yodgorlik paydo bo‘lgan va keyinchalik nafaqat ziyoratgoh, balki u joylashgan qishloq ham Zangiota nomi bilan atalgan.

Professor Akmal Saidov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Zangi ota maqbarasining bunyod etilishi bilan bog‘liq ibratli rivoyatlar ham, tarixiy voqealar ham birdek chuqur ramziy ma’noga ega.

Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur Yassi qo‘rg‘onida Ahmad Yassaviy hazratlariga maqbara qurish harakatini boshlaganida nima uchundir ish hadeganda yurishavermagan. Bu holning sababini bilolmay, hayron bo‘lib yurganida bir kecha tushiga nuroniy bir zot kirib, Yassaviyga maqbara qurishdan oldin Zangiotaning qabrini obod qilishi kerakligini aytadi.

Shunda Amir Temur Zangiota ruhini shod etish uchun maqbara tiklashga kirishadi. Bu muhtasham yodgorlik majmuining qurilishi 1420 yili Mirzo Ulug‘bek tomonidan tugallagan. Majmua mustabid tuzum davrida omborxona, keyinchalik muzey vazifasini o‘tagan.

Professorning so‘zlariga ko‘ra, Zangiota ziyoratgohi Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari uchun tabarruk maskan hisoblanadi. Bu tarixiy-me’moriy majmuaga har kuni besh ming nafar atrofida ziyoratchi va sayyoh kelayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Ziyoratchilar turli mamlakatlardan ekani ham diqqatga molikdir. Zangiota maqbarasi dastlab ikki xonali sodda imorat – ziyoratxona va go‘rxonadan iborat bo‘lib, peshtoq va bezaklari bo‘lmagan. Xonalarning devori ravoqli chorsi asosdan burchaklardagi ravoqli bag‘al gumbaz bilan bog‘langan. Hosil bo‘lgan sakkiz qirrali asos ustiga o‘rnatilgan gumbazlarning kattaligi har xil.

Xonalarga darcha va tobdonlar orqali yorug‘lik tushgan. Go‘rxonadagi oq marmardan ishlangan qabrtosh, ayniqsa, diqqatni tortadi. Toshga g‘oyatda mohirlik bilan nafis o‘yma naqsh va arabiy xatlar bitilgan. Qabr shakli va naqshlardagi uslub uning qadimiyligidan dalolat beradi.Yon tomondagi yuza qismida arab tilida quyidagi mazmundagi she’r o‘yilgan: «Biz sog‘lik va sayohatdan zavqlanamiz. Ammo vaqti kelib bir-birimizdan ayrilamiz. Chunki vaqt seviklilarni ayiruvchidir».

Marmar bitiktoshning bir yon qirrasiga kufiy va suls xatida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning: «Qabr amallar sandig‘idir», degan hadislari bitilgan.

Vaqtlar o‘tib maqbara oldiga peshtoq va ikkita ko‘ndalang xona qurilib, bezak berilgan. Peshtoq va xonalar tashqi devori, ziyoratxona va maqbara poygumbazi sayqallangan g‘ishtchalar, o‘ymakor rang-barang koshinlar bilan bezatilgan.

Anbar ona maqbarasi Zangiota majmuasi tarkibida bo‘lib, Zangiota maqbarasining janubi-g‘arbida joylashgan. U peshtoq, ziyoratxona va go‘rxonadan iborat. Ziyoratxona va go‘rxonaning usti qo‘shqavat gumbazli, qubbali toshdan, kichik doira shaklida yasalgan. Maqbaraga oq marmardan qabrtosh qo‘yilgan. Uning tevarak-sirtiga arabiy xatlar va nafis naqshlar o‘yilgan. Maqbara dastlab ikki xonali bo‘lgan, keyinchalik uning oldiga peshtoq qurilib, koshinlar bilan bezatilgan. Peshtoq tayanchi uncha baland emas. Bu uslub Toshkent maqbaralariga xos. Zangiota maqbarasi qatori ushbu yodgorlik ham Amir Temur zamonasi me’morchilik an’anasining yorqin namunasi hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 20 oktyabrdagi qarori asosida Toshkent viloyatidagi Zangiota majmuasi va unga tutash hududlarda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi.

bugungi kunda majmua hududida 1 000 o‘rinli yangi masjid binosi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining binosi, 40 o‘rinli tahoratxona, 2 ta hojatxona, eski hovuz o‘rniga 2 ta favvora, 2 ta milliy uslubda loyihalashtirilgan shiypon, tegishli kommunikatsiya tarmoqlari, yer osti o‘tish yo‘li, avtoto‘xtash joyi, 50 o‘rinli 3 qavatli mehmonxona, 70 o‘rinli choyxona, ikki qavatli minimarket va boshqa o‘ndan ortiq milliy hunarmandchilik savdo do‘konlari, novvoyxona, zamon talabiga javob beradigan 50 o‘rinli dehqon bozori, oshxona barpo etilgan.

Barcha ta’mirlash, tiklash va obodonlashtirish ishlari byudjet va homiylar mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi. Majmua tarixiy yodgorlk sifatida davlat muhofazasiga olindi. Qadimgi madrasa binosi to‘la ta’mirdan chiqarildi. Hovlidagi eski minora olib tashlanib, yangi masjid oldida yangi, balandligi 31 metr bo‘lgan minora qurildi. Zangiota va Anbarbibi maqbaralari ham butkul qayta ta’mirlandi. Majmuadagi 5 ta gumbaz qayta tiklandi.

Bugun Zangiota majmuasi ziyoratchilar bilan gavjum. Ushbu majmua mamlakatimizning turizm salohiyatiga katta hissa qo‘shayotgan muhim qadamjo hisoblanadi.

Necha asrlik tarixga guvoh bu maskan o‘z fayzu tarovati bilan ziyoratgohga uzoq-yaqindan kelgan yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlarga katta taassurotlarni hadya etmoqda.



Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA