O`zbekistonning chet davlatlardagi vakolatxonalari rahbarlari bilan suhbat uyushtirildi

O`zbekistonning chet davlatlardagi vakolatxonalari rahbarlari bilan suhbat uyushtirildi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosida diplomat-tarjimonlarning mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Ijodiy suhbat tarzidagi uchrashuvlar turkumi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning Malayziyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ravshan Usmonov va O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jeneva shahridagi bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida Kuala-Lumpur va Jeneva shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalarimiz rahbarlari yosh diplomat-tarjimonlarga ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatdagi diplomatik faoliyat xususida keng tushuncha berdi.

Shuningdek, elchilar O‘zbekistonning qayd etilgan davlatlaridagi o‘z vazifalarini amalga oshirish jarayoni doirasida olg‘a surib borilayotgan muhim tashabbuslar borasida so‘z yuritdi. Shu jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan bugungi yangilanayotgan O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga qaratilgan dastur va loyihalarning amaliy ijrosiga alohida urg‘u berildi.

Tadbir doirasida yosh diplomat-tarjimonlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldi.

Kamola Yusupova,
Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA