So‘g‘dliklar yasagan dubulg‘a Xitoy imperatorini lol qoldirgan

So‘g‘dliklar yasagan dubulg‘a Xitoy imperatorini lol qoldirgan

Qadimgi harbiy anjomlardan biri bo‘lgan dubulg‘a – temir qalpoq asrlar davomida jangchilar boshini omon saqlab kelgan.

Uch ming yillik tarixga ega o‘zbek davlatchiligining barcha bosqichlarida ajdodlarimizning harbiy mahorati: ular qo‘llagan harbiy taktika va strategiyalar bilan bir qatorda harbiy qurol-aslahalari ham takomillashib borgan. Ana shunday aslahalardan biri bo‘lgan dubulg‘alar miloddan oldingi davrlardayoq janglarda askarlarning boshini muhofaza qilib kelgan. O‘zbekiston tarixining eng qadimgi yozma manbasi “Avesto”da ham jangovar askarlar boshida metall dubulg‘alar bo‘lgani haqida aytilgan.

Xitoyliklar so‘g‘d temir qalpog‘idan andoza olishgan

Metalldan ishlangan dubulg‘alar O‘rta Osiyoda miloddan avvalgi IX–VII asrlardan boshlab paydo bo‘lgan. Tig‘ yoki o‘qdan saqlanish uchun temir yo po‘latdan yasalgan bunday bosh kiyim miloddan oldingi VI–IV asrlarga kelib takomillashgan. Eramizgacha bo‘lgan V asrda sak qo‘shinlari tarkibidagi suvoriylar bronzadan qilingan dubulg‘a kiyganlar. Samarkand yaqinida ana shunday dubulg‘aning bir namunasi tonilgan.

Bir qator yozma manbalarda miloddan avvalgi IV–III asrlardagi Xorazm dubulg‘alari haqida qimmatli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Kushon dubulg‘alari bo‘laklarga bo‘linishi, soyaboni va quloqpo‘shi bilan o‘zidan oldingi dubulg‘alardan farq qilgan. Xorazmshohlarning qarorgohi bo‘lgan Tuproqqal’a qasridan topilgan haykalda ham dubulg‘a tasvirlangan.

Mug‘ qal’asidan topilgan sug‘d hujjatlariga ko‘ra, milodiy VII asr oxiri – VIII asr boshlarida dubulg‘aning bozordagi narxi 2 dirham bo‘lgan. 718 yilda Xitoyning Tan sulolasi imperatori Syuan Szunga Sug‘d elchilari tomonidan temir dubulg‘a sovg‘a qilingan. Bu dubulg‘a manbalarda “ikkiga bo‘linadigan – chokli” deb ta’riflangan. Mazkur dubulg‘a nusxasi asosida imperiya o‘z qo‘shinini ana shunday dubulg‘alar bilan ta’minlagan.

Sohibqironning Ko‘ksaroyida dubulg‘alar yasalgan

X asrning ikkinchi yarmida yashagan arab geografi va sayyohi Muqaddasiyning ma’lumot berishicha, savdo aloqalari natijasida Bulg‘or podsholigidan Xorazmga dubulg‘alar olib kelingan. XI asrda hayot kechirgan turkshunos Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”ida dubulg‘a “ashuq” so‘zi bilan berilgan.

Dubulg‘a kiyganda bosh og‘rimasligi uchun uni kiyishdan avval boshga kiyilgan jun qalpoq “qaduq” deyilgan.

Amir Temur davrida old tomoni ikki qosh o‘rtasidan burun ustigacha tushirilgan uchi o‘tkir quloqchinli dubulg‘alar keng tarqalgan.

Manbalarda jangu jadal chog‘ida sohibqironning dubulg‘asi uni bir necha bor qilich zarbidan saqlab qolgani haqida ma’lumotlar berilgan. Samarqandda joylashgan Ko‘ksaroy qasridagi qurol ishlab chiqarish ustaxonasida boshqa harbiy qurol-aslahalar qatori dubulg‘alar ham tayyorlangan.

Shu ustaxonada yasalgan dubulg‘alarni ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo quyidagicha ta’riflagan: “Ularning dubulg‘alari dumaloq va baland shaklda bo‘lib, ba’zilarining yuqorisiga qadar yuzni to‘sadigan oldingi qismida burun ro‘parasidan iyakka qadar kengligi ikki barmoq keladigan tasma o‘tkazilgan. Ko‘tarish va tushirish mumkin bo‘lgan ushbu tasma yuzni ko‘ndalangiga bo‘ladigan zarbadan saqlash vazifasini o‘taydi”.

Buxoro xonligining qo‘shin tuzilishi va harbiy boshqaruvini tadqiq etgan tarixchi Akbar Zamonovning qayd etishicha, dubulg‘alar turli shaklda bo‘lib, ichkarisiga kigiz qoplangan. Ularning ba’zilariga sovut to‘ri osilgan. Yuqori tabaqaga mansub harbiylar – sarkardalar oddiy askarlarnikidan farqli, uchi uzun, jezdan yasalgan dubulg‘alar – xudlar kiyib jangga kirganlar.

Buxoroda ishlangan oltin va kumush suvi bilan naqsh berilgan temir dubulg‘alar boshqa yurtlarda ham mashhur bo‘lgan. 1585 yilda Buxoro xoni Abdullaxon II nomidan Muhammad Ali rus podshosi Fyodor Ivanovichga boshqa sovg‘alar bilan bir qatorda tilla suvi yurgizilgan va islomiy naqshlar bilan bezatilgan po‘lat dubulg‘a in’om etgan.

Xon xazinasidagi dubulg‘alar Peterburgga olib ketilgan

Tarixchi Akbar Hakimovning qayd etishicha, O‘zbekiston davlat san’at muzeyida Buxorodan topilgan XVII asr ikkinchi yarmiga oid temir dubulg‘a saqlanadi. Uning bezagida naqsh usullari va arabiy bitiklar uyg‘unlashib ketgan. Tepasi uchli, zirh to‘rli ushbu dubulg‘a boshni ikki yon va orqa tomondan o‘rab turadi. Unga burun chizig‘i bo‘ylab harakatlanadigan mil o‘rnatilgan. Dubulg‘a 12 ta teng beshqirraga bo‘lingan va ular dubulg‘a uchida birlashadi.

Rus elchilari safida 1820 yilda Buxoro amirligiga kelgan tabiatshunos olim va topograf Yegor Meyendorf o‘z asarida amirlik harbiy kuchlari temir va ho‘kiz terisidan qilingan dubulg‘a taqishi haqida yozgan. 1833–1834 yillarda amirlikda bo‘lgan sharqshunos Pyotr Demezon esa Buxoro askarlari juda oz xollardagina temir dubulg‘a kiyishlari haqida yozib qoldirgan.

Tarixchi Bayoniyning ma’lumot berishicha, Rossiya imperiyasi 1873 yilda Xivani bosib olgan vaqtda xon xazinasi bilan birga unda saqlangan dubulg‘alar ham Peterburgga olib ketilgan. Arxiv hujjatlarida 1880 yilda Turkiston general-gubernatori Konstantin fon Kaufman tomonidan muzey uchun degan bahona bilan Yettisuvdan sotib olingan, aslida esa o‘ziga olib qolingan tilla bezakli po‘lat dubulg‘a haqida ma’lumot berilgan.

Alisher EGAMBERDIEV, O‘zA