Mustaqillik yo‘lida qatag‘on qilingan yana 120 nafar shaxs oqlandi

Mustaqillik yo‘lida qatag‘on qilingan yana 120 nafar shaxs oqlandi

Tarixiy adolatni tiklash, mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, o‘zlari quvg‘inu qatag‘onga duchor etilgan ajdodlarimizning nomini oqlash yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingani bunga keng yo‘l ochdi.

Farmoyishning ijrosini ta’minlash maqsadida qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish Respublika ishchi guruhi va qatag‘on qurbonlarining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

“Yo‘l xaritasi”ning 5-bandida qatag‘on qurbonlarining nomlarini aniqlash borasida izlanishlar ko‘lamini kengaytirish uchun mas’ullarga vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.

“Yo‘l xaritasi”ning 10-bandida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritish belgilandi.

Qatag‘on qurbonlarining reabilitatsiyasi bo‘yicha masala o‘rganib chiqildi hamda Respublika ishchi guruhiga takliflar ko‘rib chiqish uchun yuborildi.

Bundan tashqari, Oliy sud raisining 2021 yil 9 fevraldagi farmoyishiga binoan, muayyan sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo‘yicha ishlarni amalga oshirish maqsadida ishchi guruhi tuzildi.

Oliy sudga 2021 yil dekabr oyida 120 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi kelib tushgan bo‘lib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan tegishli tartibda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protestlar keltirilgan.

2022 yil 6 yanvar kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilib, keltirilgan protestlar qanoatlantirildi va Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 120 nafar shaxs oqlandi.

Xususan, O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) hay’atining 1925 yil 4 sentyabrdagi maxsus yig‘ilish qaroriga ko‘ra, Mirza Ibragimov Mir Axur va boshqalar (jami 43 kishi) O‘zbekiston Respublikasi SSSR JKning 61-moddasi (xorijiy mamlakatlar yoki ijtimoiy guruhlar foydasiga og‘ish) qalbaki hujjatlardan foydalangan holda urushni e’lon qilish hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etish, 67-moddasi (aksilinqilobiy tashkilotlarga a’zolik qilish) va 69-modda (inqilobiy harakat va proletaryat sinfiga qarshi faol harakat yoki kurashish) ya’ni fuqarolar urushi vaqtida aksilinqilobiy xukumat tuzishda aybli deb topilib, surgun jazosiga hukm qilinib, ularga tegishli mol-mulklar musodara etilgan.

O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili huzuridagi Uchlik yig‘inining 1930 yil 24 yanvardagi qaroriga kura, Appax Xodja Asqar Xodjayev va boshqalar (jami 40 kishi) O‘zbekiston Respublikasi SSSR JKning 78-moddasi (banditizm) sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, surgun va eng og‘ir jazo-otishga hukm qilinib, otilgan va mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 24 martdagi bayoniga ko‘ra, Abduraximov Mirza Xodja va boshqalar (jami 15 kishi) O‘zbekiston CSSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, surgun va eng og‘ir jazo - otishga hukm qilinib, otilgan va mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 25 yanvardagi bayoniga ko‘ra, Mansurbekov Muxammad Sodiq va boshqalar (jami 5 kishi) O‘zbekiston SSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli, deb topilib, O‘rta Osiyodan surgun qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Markaziy Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Doimiy vakili qoshidagi Uchlik kengashining 1930 yil 19 martdagi bayoniga ko‘ra, Safarov Tog‘ay Amin va boshqalar (jami 12 kishi) O‘zbekiston SSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli deb topilib, O‘rta Osiyodan surgun qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan.

Rossiya Federativ Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Inqilobiy tribunali Turkiston Sovet Respublikasi Markaziy Ijroiya qo‘mitasining 1921 yil 23 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Sharif Xodjayev Sadriddin Xon va boshqalar (5 kishi) O‘zbekiston SSR JKning 67 va 78-moddalari, aksilinqilobiy maxfiy tashkilotini tuzganlikda hamda sovet davlatiga qarshi qurolli qarshilik harakatlarida ishtirok etganlikda aybli, deb topilganlar.

Sud jarayonida mana shu shaxslarning barchasi oqlandi. Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.

Mustaqillik yo‘lida fidokorona kurash olib borgan, hatto o‘z jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.



N.Abduraimova, O‘zA