Ko‘hna Buxoro: xorijiy sayyohlar kelishi yanada ko‘payadi

Ko‘hna Buxoro: xorijiy sayyohlar kelishi yanada ko‘payadi

Buxoroga kelgan sayyohlar soni 2021 yilda 2,2 million nafarga yetdi. Bunda xorijiy sayyohlar soni 48,9 ming nafardan oshgani kuzatildi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan ichki turizmda qariyb 8 baravarga, xorijiy sayyohlar soniga nisbatan 3,5 baravarga ortdi.

Pandemiya sharoitiga qaramasdan turizm biznesi bo‘yicha davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imtiyoz, qulayliklar tufayli 2021 yilda 78 ta yangi katta-kichik mehmonxonalar ishga tushishi hisobiga ularning umumiy soni 415 taga yetdi. Yirik mehmonxonalar 163 taga, oilaviy mehmon uylari 197 taga, xostellar 52 taga va motellar 1 taga yetkazildi.

Turoperatorlar 121 ta, gid-ekskursovodlar 252 ta, sayyohlar uchun restoranlar 90 tani, turistik avtobus va mikroavtobuslar 281 ta, turizm yo‘l ko‘rsatkichlari 128 tani, turizm axborot markazlari 26 taga ko‘paygan. Viloyatdagi 30 ta tadbirkorlik subektlariga berilgan 79,4 milliard so‘m kredit mablag‘larining 18,6 milliard so‘mi to‘lov muddati 6 oydan 2 yilgacha prolongatsiya qilindi. 78 ta tadbirkorlarga 1,2 milliar so‘mlik soliq imtiyozlari berildi. 27 ta tadbirkorga 1,6 milliard so‘mlik ssudalar ajratildi. Yangi turizm yo‘nalishlarini o‘zlashtirish va amaliyotda joriy etish maqsadida 2 ta sayyohlik tashkilotlari va 5 ta gid-ekskursovodlarga jami 35 milliard so‘mlik grant ajratildi.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buxoro xalqaro aeroportiga mahalliy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlardan tashqari, Rossiya, Yevropa, Turkiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan jami 871 ta charter reyslari amalga oshirildi. Tahlillar bo‘yicha turizm xizmatlari hisobiga viloyat iqtisodiga jami 478,9 milliard so‘m tushum tushgan. Bu raqam 2020 yilga nisbatan 4,5 baravarga oshib, turizm tarmog‘ida 500 nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan.

Zarif Komilov, O‘zA