Oroldan qolgan qumli maydonlar o‘rnida hosil qilinayotgan yashil hududlar kengayadi

Oroldan qolgan qumli maydonlar o‘rnida hosil qilinayotgan yashil hududlar kengayadi

Vazirlar Mahkamasining “Orol dengizining qurigan tubida olib borilayotgan o‘rmon – melioratsiya tadbirlarini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Orol dengizidan meros qolgan qum to‘dalari o‘rnida “yashil hudud” yanada kengaytiriladi.

Jumladan, ekologik og‘ir bu mintaqada daraxt va butalar ekish, ularni parvarish qilish bo‘yicha samarali tizim yaratiladi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi muassisligida “O‘rmon xo‘jaligi mashina-traktor parki”DUK tashkil etiladi. Ushbu mashina-traktor parkining vazifasi himoya o‘rmonzorlarini barpo etish uchun yer tayyorlash, ekish qatorlarini tashkil etish, cho‘l o‘simliklari urug‘larini yig‘ish, ko‘p yillik o‘simliklar va yaylov o‘simliklari arealini kengaytirish, saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari niholxonalarini, shuningdek, manzarali ko‘chatlarni tashkil etish va mexanik himoya to‘siqlari barpo etish va boshqa o‘rmon-melioratsiya hamda texnik tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

Mazkur mashina-traktor parki Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani Mo‘ynoq davlat o‘rmon xo‘jaligi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bir oy muddatda “O‘rmon xo‘jaligi mashina-traktor parki”DUKning ustavini tasdiqlaydi va tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi, tuzilma va shatalar jadvalini tasdiqlab, park moddiy-texnika bazani shakllantiradi hamda parkni malakali kadrlar bilan ta’minlash choralarini ko‘radi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan bilan birgalikda o‘rmonlarni barpo etish, o‘rmon fondini har tomonlama kengaytirish va muhofaza qilish hamda Orol dengizining suvi qurigan hududlarida o‘rmon-melioratsiya ishlarini samarali amalga oshirish yuzasidan hamkorlik qilish yo‘lini ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Orol dengizining qurigan hududlarida o‘rmon-meliorativ tadbirlarini yanada jonlantirish maqsadida vazirlik tizimidagi tashkilotlarga tegishli xo‘jalik texnikasi va mexanizmlarni “ O‘rmon xo‘jaligi mashina-traktor parki” DUKga operativ boshqarish huquqi asosida bepul beradi.

“Mo‘ynoq kelajagi bunyodkorlari” MCHJ o‘rniga vazirlik tizimidagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan “Tabiatni tiklash va qishloq xo‘jaligi sohasida yangi tashabbuslarni rivojlantirish” boshqarmasi tashkil etiladi. Ushbu boshqarmaning asosiy vazifalari Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmalari va tarkibiy tuzilmalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, gidroponika, ko‘chat yetishtirish, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, tomchilatib sug‘orish tizimini tashkil etish bo‘limlarini tashkil etishdan iborat bo‘ladi.

O‘zbekiston Hukumatining ushbu qarori Orol bo‘yida hosil bo‘lgan bepoyon qumliklar o‘rnida “yashil makon” hududlarining yanada kengaytirish imkonini beradi.



O‘zA