Serdar Tunjer: “Ruhingiz orom olishi uchun Buxoroga kelishingiz kerak”

Serdar Tunjer: “Ruhingiz orom olishi uchun Buxoroga kelishingiz kerak”

O‘zbekistonda bo‘lib turgan TRT Turkiya telekanali prodyuseri , shoir Serdar Tunjer ayni damda Buxoroda mehmon bo‘lib turibdi.

Turkiyalik mehmonni Buxoro viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasida Turizm va sport vazirligi ziyorat turizmi departamenti hamda viloyat hokimligi mutasaddilari kutib oldi.

Uchrashuvda prodyuser o‘z dasturi, Buxoroning ziyorat turizmi salohiyatini Turkiya telekanallarida targ‘ib qilinishi va ushbu yo‘nalish doirasida o‘zaro hamkorlik haqida to‘xtalib o‘tdi. Buxorolik mutasaddilar Turkiya televideniyesi orqali ziyorat turizmi targ‘ibotini kuchaytirish va bu orqali ziyoratchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish kabi takliflarni ilgari surdi.

Uchrashuv so‘ngida Serdar Tunjerga Buxoro viloyatining Turkiyadagi “Turizm elchisi” ko‘krak nishoni taqdim etildi.

– Dunyo plyajlarida taningiz orom olishi mumkin, – deydi Serdar Tunjer o‘z so‘zida. – Lekin ruhingiz orom olishi uchun Buxoroga kelishingiz kerak.

Yaqin kunlarda Buxoro viloyatining Turkiyadagi elchisi tomonidan tayyorlangan Buxoro ziyoratgohlari haqidagi turkum ko‘rsatuvlar Turkiyaning TRT telekanalida namoyish etiladi.

Zarif Komilov, O‘zA