O‘zbekiston va Tojikiston IIV akademiyalari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlandi

O‘zbekiston va Tojikiston IIV akademiyalari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlandi

Ikki mamlakat ta’lim muassasalari rahbarlarining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida hamkorlik aloqalarining bugungi holati muhokama qilindi.

Qayd qilinganidek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida ko‘plab masalalar o‘z yechimini topib, aloqalarimiz barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda. Davlatlararo hamkorlik mintaqaviy muammolar, xususan, terrorizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosiga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda ham izchil davom ettirilmoqda.

Tojikiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i, militsiya general-mayori Fayzali Sharifzoda o‘zbekistonlik hamkasblarni qutlar ekan, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdan mamnunligini alohida ta’kidladi.

Samimiy ruhdagi uchrashuvda ta’lim muassasalari rahbarlari hamkorlik memorandumini imzoladi. Kelishuvda nazarda tutilgan masalalar atroflicha muhokama qilinib, istiqboldagi muhim vazifalar belgilab olindi.

– Xalqlarimizni tarix sinovidan o‘tgan mustahkam qardoshlik va ahil qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turibdi, – dedi Rustam Xatamov. – Munosabatlarimiz yangicha sur’at va bosqichda rivojlanayotganini alohida e’tirof etishim joiz. Biz ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik, zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish va ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz.

Tomonlar mintaqaviy xavf-xatarlar va jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashishda o‘zaro tajriba almashish, ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish, birgalikda o‘quv va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, ilmiy va innovatsiya sohalarini ravnaq toptirishga kelishib oldilar.

Shu kuni delegatsiyamiz a’zolari o‘quv dargohining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmat