Farg‘ona dunyoni o‘ziga maftun etmoqda

Farg‘ona dunyoni o‘ziga maftun etmoqda

Farg‘ona viloyati go‘zal tabiati, tarixiy obidalari, tabarruk qadamjolari bilan yetti iqtlimda dovruq qozongan.

Xususan, qadimiy Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari va Rishton tumani uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar, sayyohlar bilan doimo gavjum. Viloyatda turizmni rivojlantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish, mehmonlarni tarixiy obidalar, milliy hunarmandlik va xalq amaliy san’ati namunalari bilan tanishtirish uchun qulay sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan yilda ichki va tashqi turizm ko‘rsatkichi 401 mingtaga yetdi. Quvonarlisi, ularning 47 mingdan ortig‘i xorijiy sayyohlardir. Turizmning yangi turlari – ekoturizm, agroturizm, etnoturizm, sport turizmi, qishloq turizmi va tibbiyot turizmi yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilyapti. Rossiya, Turkiya, Germaniya, Koreya, Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlar bilan bu borada hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

–O‘zbekistonda turizm sohasi nisbatan yangi bo‘lsada, u rivojlanishda ko‘pgina sohalardan oldinga chiqib oldi, – deydi viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muzaffar Temirov. – Yigirma yil avval O‘zbekistonni hech kim istiqbolli turizm hududi sifatida bilmas edi. Bugun Farg‘ona viloyati misolida aytishim mumkinki, xalqimizning buyuk o‘tmishi, tabiatining ajoyib manzaralari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy hunarmandchiligi, insoniy qadriyatlari sayyohlarning e’tiborini jalb etayotir.

2021 yilda eng esda qolarli tadbir Qo‘qon shahrida o‘tkazildi. U yerda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli tadbirda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon va O‘zbekistondan turizm vazirlari ishtirok etdi. Tadbirda ikki ming yillik shonli tarixga ega bo‘lgan Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti sifatida e’tirof etilishi, chin ma’noda, tarixiy voqeaga aylandi. Mazkur tadbir Qo‘qonning turizm salohiyatidan yanada samarali foydalanish va sayyohlar sonini oshirishda juda katta ahamiyat kasb etdi.

Farg‘ona viloyatining turizm salohiyatiga Ukraina davlati turizm sohasi vakillari ham qiziqish bildirmoqda. Xususan, Farg‘ona va Odessa viloyatlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. “Mehmonxona restorani biznesida innovatsion texnologiyalar” yo‘nalishi bo‘yicha Farg‘ona davlat universiteti hamda Odessa milliy oziq-ovqat texnologiyalari universiteti o‘zaro hamkorlik memorandumi imzoladi. Unga ko‘ra, endilikda Farg‘ona tumanida vino va uzumchilik asosida ekoturistik ob’ekt barpo etish ustida ish olib borilmoqda.

bugungi kunda viloyatda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, oilaviy mehmon uylarini tashkil etish ham doimiy e’tiborda. O‘tgan yilning o‘zida 46 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etildi hamda ularning soni 198 taga yetdi. Natijada yuzga yaqin yangi ish o‘rni ham yaratildi. Oilaviy mehmon uylariga sayyohlar tomonidan kundan-kunga talab oshib bormoqda. Chunki sayyohlar dabdabali mehmonxonalar emas, o‘zbekona fayz bilan jihozlangan oddiy o‘zbek xonadonlarini afzal ko‘rishmoqda. Ularni xalqimizning kundalik turmushi, urf-odatlari, oilaviy an’analari, yashash tarzi ko‘proq qiziqtiryapti. Mazkur mehmon uyi bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilar – turistlarga vaqtincha yashash yoki ovqatlanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishni boshlagan. Birgina Farg‘ona tumanining o‘zida eng ko‘p – 25 ta mehmon uylari tashkil qilindi. Ularda zarur darajada sifatli xizmat ko‘rsatish, tozalikka alohida e’tibor berish, turistlarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan.

Milliy hunarmandchilik markazlariga xorijliklarning qiziqishi yuqori. 13 ta tumanda davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi hunarmandchilik markazlari ochildi. bugungi kunda xorijiy sayyohlarni ipakchilik, gilamchilik, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik, kandakorlik, beshikchilik, milliy liboslar, kosibchilik kabi milliy hunarmandchiligimiz mahsulotlari o‘ziga ko‘proq jalb etmoqda.

Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo” ekoturizm markazi sayyohlarning diqqat markazidagi maskanga aylandi. 25 gektar maydonda parvarishlanayotgan godji, papayya, mushmula, qahva, kivi, banan kabi sitrus mevalardan tortib, noyob rezavor o‘simliklar, turli dorivor giyohlar plantatsiyasi xorijliklarni ham hayratga solmoqda. Dorivor o‘simliklarni parvarishlash va shifobaxsh mahsulotlarni ishlab chiqarish salmog‘ini oshirish borasida “Farg‘ona tajribasi” shakllandi. Ulkan maydonlarda o‘stirilayotgan noyob giyohlar ekotibbiyotning asosiy omili sifatida baholanayotir. Markaz qoshida “Doktor Ali” salomatlik markazi, fitobarlar majmuasi, dorivor mahsulotlar ko‘rgazmasi, gastronomik markaz ham tashkil etilgan.

Shuningdek, tumanda mintaqaning dorivor o‘simliklaridan tayyorlangan shifobaxsh damlamalar, malhamdorilar, surtmalar va boshqa noyob dori-darmonlar savdosi ham yo‘lga qo‘yilib, o‘ziga xos tibbiyot turizmi shakllandi. Bu markazda 150 dan ortiq mutaxassis va xodimlar ish bilan ta’minlangan. Shuningdek, Quvasoy shahridagi “Vodiy tulporlari” ot kompleksi, Rishton tumanidagi tuyaqushchilik xo‘jaligiga asoslangan “Straus Farm” mas’uliyati cheklangan jamiyati, Buvayda tumanidagi qum bilan davolashga mo‘ljallangan “Baston buva” kabi eko-agroturistik muassasalari ham sayyohlar bilan gavjum hudud sifatida ularning qiziqishiga sabab bo‘lyapti.

M. Sulaymonov, O‘zA