Jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovni taqdirlash marosimi tashkil etildi

Jahon chempioni Nodirbek Abdusattorovni taqdirlash marosimi tashkil etildi

Poytaxtimizdagi Milliy olimpiya qo‘mitasida Polsha poytaxti Varshavada shaxmatning rapid yo‘nalishida jahon chempionligiga erishgan 17 yoshli iste’dodli grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorovni taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Aytish lozimki, 26-30 dekabr kunlari Polshada shaxmatning blits va rapid yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov rapid yo‘nalishida dunyoning amaldagi yetakchi shaxmatchilarini mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Ahamiyatlisi, mustaqil Vatanmizning yosh va navqiron vakilining mazkur g‘alabasi bir necha kun davomida sport olamini, xususan shaxmat dunyosini larzaga keltirdi.

Dunyo Nodirbek, uning vatani O‘zbekiston, jannatmakon yurtimizning boy tarixi, an’analari, xalqimizning asrlarga tatigulik o‘tmishi, jahon tamadduniga bu zamindan chiqqan beqiyos iste’dod sohiblarining aql-idroki xususida jahon axborot vositalari, internet tarmoqlari turli rakurslarda e’tirof etishdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida karnay-surnay sadolari ostida boshlangan g‘alaba tadbiri yangi – 2022 yil O‘zbekiston sportining muvaffaqiyatli kechishidan ogoh etayotgandek bo‘ldi, nazarimizda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari, Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Sa’dullayev, Nodirbek Abdusattorovning ota-onasi, yaqinlari, ommaviy axborot vositasi xodimlari, sport jamoatchiligi, sport faxriylarimiz ishtirok etishdi.

Bayramona bezatilgan Milliy olimpiya qo‘mitasining keng maydonida jam bo‘lgan yosh sportchilar, Vatanimiz sharafini olimpiya o‘yinlarida, jahon chempionatlarida, nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib himoya etgan sportchilar, bo‘lg‘usi chempionlar bayroqchalar, gullar bilan O‘zbekistonning iste’dodli shaxmatchilarini, tadbir ishtirokchilarini qarshilashdi.

Bu, tom ma’noda bir maqsad – Yangi O‘zbekistonning yangi kelajagini, uning nurli istiqbolini bunyod etishga azmu-qaror qilgan xalqning, yoshlarning jipsliligi, hamjihatliligi timsoli bo‘ldi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Nodirbek Abdusattorovga “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti berilishi to‘g‘risidagi farmonini davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov o‘qib eshittirdi. Sherzod Asadov chempionimizga davlatimiz rahbari nomidan Toshkent shahridan ikki xonali uy kalitini topshirdi. Aziz Abduhakimov Nodirbek Abdusattorovga 250 million, uning murabbiylari Jahongir Vohidov hamda marhum Dmitriy Qayumovning oilasiga 100 million so‘mdan, blits yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida 8-pog‘onadan joy olgan Javohir Sindorovga 50 million, munosib ishtiroki uchun Shamsiddin Vohidovga 25 million so‘mdan pul mukofotlarini topshirdi.

Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid iste’dodli shaxmatchimizning tarixlarga daxldor g‘alabasi xususida so‘z yuritib, bu, mamlakatimiz yoshlarining yorqin g‘alabasi, Yangi O‘zbekiston tamoyilining hayotbaxshligining yorqin ifodasi ekanligini ta’kidlashdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning, xalqimizning bunday eʼtiboridan masrur boʻlgan Nodirbek va uning ota-onasi faxr hissini tuyishdi.

O‘z navbatida, jahon shaxmat tarixida yangi zarvaraq ochish asnosida O‘zbekiston xalqining aql-idrokining salohiyati ne chog‘li yuksaklik kasb etishini namoyish etgan Nodirbek Abdusattorov:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va hukumatimizning biz yoshlarga qaratayotgan e’tiboridan xursandman. Nasib qilsa, kelgusida klassik yo‘nalishda ham jahon tojini kiyishga va’da beraman. Bu yo‘lda meni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – deya e’tirof etdi.

Marosimning ikkinchi qismi Vatanimizning bunyodkorlik va intellektual salohiyati timsoli bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” majmuasida davom etdi.

Yosh va salohiyatli shaxmatchimiz, jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin va Jahongir Vohidov, ularning ota-onalari, yaqinlari muhtasham va tarovatli bog‘ning keng maydonida minglab yurtdoshlarimiz tomonidan qarshi olindi. Gullar taqdim etildi. Ezgu tilaklar bildirildi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘i majmuasidagi tantanalar ezgu tilaklarga, xalq va chempion, uning ota-onasi va jurnalistlarning muloqotiga, bir-biriga Yangi yil izhorlariga ulanib ketdiki, bundan muhimi, qalblarga quvonch indi. Betakror bog‘ majmuasidagi tilaklar, oddiy insonlarning qalb-quridagi kechinmalar, Nodirbekka havasmand baxtiyor chehralarda Vatanimizning ertasiga, farzandu arjumandlari kelajagiga ishonch hissi jo bo‘lgan ota-onalar, yoshlar “ertaga O‘zbekistonimizda shunday chempionlar ko‘paysin, Nodirbeklarimiz safi yanada ortsin, Prezidentimizning jonfidoligi, tashabbuskorligi atrofida jam bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagining bunyod etishda, uchinchi renessans poydevorini mustahkamlashda hamjihat bo‘laylik, degan tuyg‘ular ko‘ngillarning tub-tubida jilolanib turdiki, bu jipsliligimiz, hamjihatliligimiz asosidir.

Nodirbek Abdusattorovning dunyo “aqllilari” - shaxmat tojdorlari orasida o‘z munosib o‘rnini egallashi, chempionlik rutbasiga ko‘tarilishi xalqimizning asriy orzulari, yurak-yuraklarimizda depsinib turgan tuyg‘ularimizning aksi emasmi?!



To‘lqin Ro‘ziyev,

Nurilla Nasriyev, Muhammad Amin(surat),

O‘zA