Ozarbayjonlik jarroh namanganlik talabalarga mahorat darsi o‘tdi

Ozarbayjonlik jarroh namanganlik talabalarga mahorat darsi o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Namangan viloyatidagi “ANAMED” tibbiy diagonostika markazi rahbari Nosirbek Abdullaxonov tomonidan ezgu tashabbus amalga oshirildi.

Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, o‘t pufagi yo‘llari va oshqozon osti bezi jarrohligi bo‘limining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Gurbanxan Muslimov Namangan Davlat universitetida bo‘lib, tibbiyot fakulteti talabalariga mahorat darsi o‘tib berdi.

Jarroh buqoq kasalligini davolash bo‘yicha o‘tkazgan jarrohlik amaliyoti aks etgan video taqdimotni talabalar e’tiboriga havola qildi. Mazkur yo‘nalishidagi yangiliklar xususida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, u og‘ir kechgan o‘z bolaligi, talabalik yillari, bugungi darajaga yetish uchun bosib o‘tgan yo‘llari haqida ham gapirib berdi.

Tajribali shifokor universitetning professor-o‘qituvchilari bilan “master-klass” tashkil etdi. Mashg‘ulotlar davomida mutaxassis namanganlik hamkasblari hamda talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Senator Nosirbek Abdullaxonov va ozarbayjonlik Gurbanxan Muslimovning sa’y-harakati bilan Namangan davlat universiteti talabalari orasidan eng saralari 3-4 kursda Ozarbayjon va Germaniya davlatlarining rivojlangan oliy ta’lim muassasalari, tibbiyot klinikalarida o‘quv amaliyotini o‘taydigan bo‘ldi.

Gurbanxan Fatali o‘g‘li Muslimovga Namangan davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA