Navoiyning “Xamsa” asari ozar tilida nashr etildi

Navoiyning “Xamsa” asari ozar tilida nashr etildi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Alisher Navoiyning “Xamsa” asarining ozar tilidagi tarjima kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asarni taniqli olim va tarjimon Ramiz Asqar ozar tiliga o‘girib, nashr ettirgani mutaffakirning 580 yilligiga katta tuhfa bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbosov, professor Nurboy Jabborov, Fuzuliy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi rahbari Gulbahor Ashurova so‘zga chiqib, yurtimizda Alisher Navoiy ijodini o‘rganishga, adabiyotni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, uning asarlarini boshqa tillarga tarjima qilinishi va chet davlatlarda nashr etilishining ahamiyati xususida gapirib o‘tdi.

Ramiz Asqar tomonidan Alisher Navoiyning “Mahbubul-qulub” asari ozar tiliga tarjima qilinib, 2021 yil mart oyida Ozarbayjonda chop etilgan. Ushbu yangi tarjima “Turksoy” kutubxonasi seriyasida nashr etilib, shu yili Bokuda taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur kitob Ozarboyjon Milliy fanlar akademiyasi folklor instituti kengashi tomonidan nashrga tavsiya etilib, unga Isa Habibeyli muharrirlik qilgan. Taqrizchi Dilnavoz Yusupova. “Feyziyat” nashriyotida 500 nusxada chop etilgan.

– Ramiz Asqarning navbatdagi ozar tilidagi tarjima asari 5 ta dostonni o‘zida jamlagan “Xamsa” bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik jamiyati raisi Erkin Nuriddinov. – Ushbu kitob “Turksoy” kutubxonasi seriyasida shu yilning dekabr oyida Bokuda nashr etildi. Kitobning ilmiy muharriri professor Rafael Xuseynov, muharriri Dilnavoz Yusupova. Naile Asker, Sayxun Aliyev noshirlik qilgan. Asar “Ekoprint” nashriyotida 1000 nusxada bosilgan. Albatta, bu kabi adabiy jarayonlar yoshlar ma’naviyatini yuksalishida ahamiyatlidir, deb o‘ylayman.

Taqdimotda filologiya fanlari doktori, professor Ramiz Asqarning video-ma’ruzasi qo‘yib berildi. U ma’ruzada Alisher Navoiyning ma’naviy merosini ko‘p yillardan buyon o‘rganishi, uning g‘azallarini, dostonlarini sevib mutolaa qilishi, mutaffakir she’riyatiga bag‘ishlangan konferensiyalarda qatnashgani, asarlarining tarjimasi va nashr jarayonlari haqida aytib o‘tdi.

Taqdimotda yig‘ilganlar O‘zbekiston-Ozarbayjon o‘rtasidagi adabiy aloqalar yanada mustahkamlanib, bardavom bo‘lishini ta’kidladilar.



Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist
O‘zA