Rossiyada Alisher Navoiy asarlarining noyob qo‘lyozmalari jamlangan katalog chop etildi

Rossiyada Alisher Navoiy asarlarining noyob qo‘lyozmalari jamlangan katalog chop etildi

O‘zbekiston Milliy kutubxonasida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab, “Alisher Navoiyning barhayot merosi” mavzusida adabiy kecha o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Tatariston Respublikasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aydar Axtareyev, Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi Aziz Said, shuningdek, taniqli adabiyotshunoslar, kitobxonlar va boshqalar so‘zga chiqib, ulug‘ alloma ijodi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar. Bu haqda agentlik telegram kanali xabar bermoqda.

Shu bilan birga tarix fanlari doktori, Rossiyadagi Sharq Davlat muzeyi Bosh direktorining o‘rinbosari, “Qozon shahridagi Alisher Navoiy qo‘lyozmalari to‘plami” nomli qo‘lyozmalar albom — katalogi tuzuvchisi va so‘zboshi muallifi Ilya Zaysev hamda M.I.Rudomino nomidagi Butunrossiya chet el adabiyoti kutubxonasi direktori Pavel Kuzmin (Moskva) videomurojaat yo‘lladi.

Tadbir doirasida “Qozon shahridagi Alisher Navoiy qo‘lyozmalari” katalogining taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur katalogda shoirning Tatariston milliy arxivi hamda kutubxonasida saqlanayotgan o‘ndan ortiq noyob qo‘lyozmalari jamlangan. Katalog Tatariston Respublikasi Milliy kutubxonasi, Tatariston Respublikasi Federal universitetining N.I. Lobachevskiy nomidagi Qozon (Volgabo‘yi) ilmiy kutubxonasi, Tatariston Respublikasi Davlat arxivi mutaxassislari tomonidan tuzilgan. Tadbirda mazkur to‘plam Alisher Navoiy ijodini Rossiyada keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.

– Butun umri davomida xalqqa xizmat qilgan va boqiy asarlar yaratgan buyuk mutafakkir izdoshi ekanimizdan juda faxrlanamiz. Uning bebaho ijodi nafaqat o‘zbek, balki butun dunyo adabiyoti rivojiga muhim hissa qo‘shgan. Uning asarlari G‘arbda XVI asarlardayoq munosib qadrlangan va ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Taqdimoti o‘tkazilgan “Qozon shahridagi Alisher Navoiy qo‘lyozmalari” katalogi ham rus tilida so‘zlashuvchi xalqlar uchun muhim manba bo‘ladi, deb ishonaman, — deb ta’kidladi Asadjon Xodjayev.

Tadbirda Alisher Navoiy asarlarini chuqur o‘rganish, yoshlar orasida kengroq targ‘ib etish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish, buyuk mutafakkirning o‘lmas ijodini kelajak avlodga to‘la-to‘kis yetkazish bugunning eng muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.



N.Usmonova,
O‘zA