O‘zbekiston-Qozog‘iston bojxona xizmatlari rahbarlarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston-Qozog‘iston bojxona xizmatlari rahbarlarining ishchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

2021 yil dekabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida ikki tomonlama hamkorlikning turli sohalariga, xususan bojxona sohasiga taalluqli qator hujjatlar imzolandi.

Tashrif doirasida ikkala mamlakat bojxona xizmati rahbarlari chegara-bojxona postlaridagi mavjud faoliyat jarayonlarini birgalikda ko‘zdan kechirishga kelishib olgan edi.

Ana shu kelishuv doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov hamda Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi rahbari A.Altinbayev o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv doirasida ikkala davlat bojxona xizmati rahbarlari ketma-ket ravishda o‘zbek-qozoq chegarasidagi Qozog‘istonning “Jibek joli” va O‘zbekistonning “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur o‘tkazish punktlaridan bir kunda o‘rtacha 7 ming nafarga yaqin yo‘lovchilar hamda 150 dan ortiq transport vositalari harakatlanadi.

Umumiy hisobda yakuniga yetayotgan yilda “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postida 2,3 million nafardan ortiq jismoniy shaxslar va 48,5 mingga yaqin transport vositalarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi amalga oshirildi.

Uchrashuv davomida asosiy e’tibor o‘tkazish punktlarini qayta qurish va modernizatsiyalashga qaratildi. Chunki ikkala mamlakat o‘rtasida o‘zaro savdo aloqalarining tobora kengayib borayotgani kelgusida chegara-o‘tkazish punktlarida turli noqulayliklar va tirbandliklarni yuzaga keltirishi mumkin.

Shu sababli bojxona xizmati rahbarlari oldindan vaziyatni tahlil qilib, O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida joylashgan “Navoiy” (O‘zbekiston) – “Qoplonbek” (Qozog‘iston) hamda “Dout ota” (O‘zbekiston) – “Tajen” (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlarida qurilish-bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish, bunda qurilishning boshlanishi va yakunlanishini imkon qadar bir vaqtga belgilash yuzasidan kelishuvga erishdi.

Uchrashuvning yana bir muhim samarasi – tomonlar bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovar va transport vositalari haqida o‘zaro ma’lumotlar almashinuviga xizmat qilayotgan axborot tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlarni belgilab oldi.

Ikkala mamlakat chegara-o‘tkazish punktlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yirik inspeksion-ko‘rik majmualaridan olingan rentgen-skaner tasvirlarini zarur hollarda o‘zaro almashishga kelishilgani ham muhim ahamiyatga ega.

Masalan, bitta yuk avtotransport vositasi ketma-ket ravishda ikkala davlatning ham chegara-bojxona postlarida takroran inspeksion nazorat qurilmasidan o‘tkazilmasligi mumkin. Bu esa, tabiiyki, yuk avtotransport vositalarining tirbandligi yuzaga kelmasligiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Yaqinda imzolangan energiya resurlarini o‘zbek-qozoq bojxona chegarasidan olib o‘tilishida birgalikda bojxona nazoratidan o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimni hayotga tatbiq etish masalasi ham ishchi uchrashuvning diqqat markazida bo‘ldi.

Xulosa qilib a ytganda, o‘zaro hamkorlik kelgusi yilda ham yuqori sur’atlarda saqlanib qoladi. Jumladan, kelgusi yilning mart oyida Toshkent shahrida ikkala mamlakat bojxona xizmati mutaxassislari O‘zbekiston va Qozog‘istonning o‘zaro savdoga doir bojxona statistikasining bir xilligini ta’minlashga qaratilgan ishchi uchrashuvni o‘tkazishadi.

Kelgusidagi uchrashuvlarda esa “S.Najimov” (O‘zbekiston) – “Qozigurt” (Qozog‘iston) hamda “Sirdaryo” (O‘zbekiston) – “Otamakon” (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlarini qayta qurish masalalari muhokama qilinadi.

Darvoqe, O‘zbekiston – Qozog‘iston bojxona xizmati rahbarlarining kelishuvida tomonlarning o‘zaro tajriba almashinuvi ham nazarda tutilgan edi.

Shu maqsadda 2021 yil 20-24 dekabr kunlari bir guruh o‘zbekistonlik bojxonachilar Qozog‘iston bojxonasi faoliyati, ayniqsa axborot tizimlarini batafsil o‘rganish, shu asnoda bojxona tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi takliflarni ishlab chiqish maqsadida ushbu davlatda bo‘lib qaytdi.

Xizmat safari davomida Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari Qozog‘istonning Nur-Sulton aeroporti, Transport logistika markazi, Bosh prokuratura huzuridagi Huquqiy statistika va maxsus hisob qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari loyihalari xalqaro texnoparki, Qozog‘iston Respublikasi Moliyaviy monitoring agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Nur-Sulton aeroporti bir sutkada 18 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish va 600 tonna yuklarni o‘tkazish imkoniyatiga ega. Shunga qaramay, jarayonlarga ilg‘or axborot texnologiyalarining jalb etilgani bois bu yerda xizmat olib borayotgan bojxona xodimlari bir smenada atigi 13-14 nafarni tashkil qiladi. Yo‘lovchilarning yuklari asosan rentgen-skaner tasvirlari orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.

Nur-Sultondagi Transport logistika markazi va bu yerda tashkil qilingan Elektron deklaratsiyalash markazida esa yuklar xavflarni boshqarish tizimi orqali bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Rasmiylashtirilgan deklaratsiyalarning asosiy qismi “yashil” (80%) va “sariq” (20%) yo‘laklarga yo‘naltiriladi.

Hozirda Qozog‘istonda bojxona va soliq sohasida ish yuritish bo‘yicha jami 16 axborot tizimi faoliyati joriy qilingan. Mamlakatda yiliga 1,2 milliondan ziyod bojxona yuk deklaratsiyalari elektron ravishda rasmiylashtiriladi. Bojxona kuzatuvi ostidagi transport vositalari GPS navigatsion plombalari asosida nazorat qilinadi.

Ishchi uchrashuv davomida Qozog‘iston bojxona delegatsiyasi poytaxtimizdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralarini ziyorat qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar unda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli bayonnomani imzoladi.

Mazkur ishchi uchrashuv ikkala mamlakatni bog‘lab turgan chegara-bojxona postlarning o‘tkazuvchanligini yanada oshirish, post orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar uchun yanada yengilliklar joriy qilish va transport vositalari harakatining tezkorligini ta’minlashga xizmat qiladi.



N.Abduraimova,
O‘zA