Baxshichilik: O‘zbekiston va YUNESKO qo‘lni qo‘lga berib harakat qiladi

Baxshichilik: O‘zbekiston va YUNESKO qo‘lni qo‘lga berib harakat qiladi

Parijda YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitasining XVI sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Uning ishida qatnashgan O‘zbekiston delegatsiyasining “Baxshichilik san’ati” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish haqidagi taklifi ham ovozga qo‘yildi va yakdillik bilan tasdiqlandi.

YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishining barcha mezonlariga mos kelgan bu noyob nomoddiy madaniy meros yer yuzida kamdan-kam xalqlarda mavjud bo‘lib, necha ming yillar osha bizgacha bezavol saqlanib, yetib kelgan. YUNESKOning bu qarori Baxshichilik san’atini jahon miqyosida yuksak e’tirofi bo‘ldi.
O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyasi tomonidan tayyorlanib, 2020 yilda YUNESKOga taqdim etilgan bu azaliy qadriyatimiz endilikda xalqaro hamjamiyat e’tiborida rivojlanadi.
Baxshichilik – ikki buyuk daryo, Jayxun va Sayxun oralig‘idagi sivilizatsiyalarni yaratish qudratiga ega bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizdan meros.
Sobiq sho‘rolar davri mafkurasi xuddi Navro‘z, muqaddas dinimizga bo‘lganidek, baxshichilik san’atida ham ko‘p tazyiqlarni boshidan kechirdi. Turli katta-kichik yig‘ilishlarida “baxshi – eto baqiroq chol” degan tamg‘alar yopishtirildi.
Hayotiy misol. Mustaqillik arafasida Jarqo‘rg‘onga O‘zKP Markaziy Qo‘mitasining kotibi (hali u kishi hayot, nomini keltirmayman) kelib, Navro‘z bayramini ta’qiqlash bo‘yicha katta yig‘ilish o‘tkazdi. “Bilib qo‘ylaring, O‘zbekistonda Navro‘z bayrami va baxshilar hech qachon bo‘lmaydi. Shu sababli hamma mas’ullarning o‘zlari ham, yaqinlari, xodimlari ham hech qachon Navro‘z bayramida qatnashmasin. Kimdaki kim bu ko‘rsatmani buzsa, unga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirilsin”, degan gaplari hozirgacha yodimda.
Mustaqillik yillarida milliy o‘zligimiz qayta tiklanib, so‘nggi yillarda esa bu madaniy va moddiy merosimiz butun dunyoga keng tarannum etilmoqda.
Jumladan, Navro‘z millatlararo qadriyat sifatida YUNESKO ro‘yxatida ham obro‘ topdi. O‘zbekiston tashabbusi bilan YUNESKO shafe’ligida, baxshichilik sanati tufayli bizlarga yetib kelgan Alpomish dostonining 1000 yilligi jahonda keng nishonlandi.
Doston turli tillarda nashr etildi, unga haykallar o‘rnatildi. Vaholanki Alpomish aynan baxshilar og‘zaki san’ati tufayligina yo‘qolib ketmay, shu kungacha yetib keldi va umumjahon madaniy merosiga, ma’naviy mulkiga aylandi.
“Alpomish” dostoni – bu O‘zbekistonning Boysunidan tortib, Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irotigacha, Jizzaxning Zominidan tortib, Qashqadaryoning Dehqonobodigacha bo‘lgan kengliklarida yashab, kuylab kelgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Po‘lkan Shoir, Shoberdi baxshi kabi yuzlab baxshilarning jozibali va tenggi yo‘q kekirdak ovozi va do‘mbirasi torlarida ming yillar davomida yangrab kelgan san’atdir.
O‘zbekistonning XIX-XX asrlar madaniyati tarixida ko‘plab baxshi shoirlar nomlari qayd etilib, ularning ko‘plariga haykallar o‘rnatilgan, kuylagan doston, epos, termalari tasma, plastinka va to‘plamlarda nashr etilgan.
Jahondagi birgina davlatda prezident farmoni bilan “O‘zbekiston xalq baxshisi” degan davlat mukofoti – faxriy unvon beriladi. U ham bo‘lsa bizning yurtimizda!
Baxshi deganda ko‘z o‘ngimizda soch-soqollari oqargan, biyron so‘zlovchi va hozirjavob, donishmand nuroniyning obrazi namoyon bo‘ladi. Yurtimizda berilgan e’tibor tufayli hozir baxshichilik san’ati festival va tanlovlarida tobora yosh yigitlar va hattoki qizlar ham do‘mbira chertib, doston va termalarni baralla kuylashmoqda.
Pandemiya butun jahonni, jumladan, qudratli davlatlarni ham sarosimaga solib qo‘ygan bir paytda, ma’naviy boylik – baxshichilik san’atini rivojlantirish g‘oyalarini ilgari surilishi xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
2018 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Nukus va Termiz shaharlarida Xalqaro baxshichilik festivallari yuqori saviyada o‘tkazildi va O‘zbekiston hayotida katta madaniy voqealardan biri bo‘ldi.
Baxshichilik san’atini jahon nomoddiy madaniy merosning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilishi xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. O‘z navbatida bu qaror baxshichilikni asrab-avaylash va rivojlantirishda bundan buyon O‘zbekiston bilan YUNESKO qo‘lni qo‘lga berib harakat qilishi kerak bo‘ladi.

Endilikda “Baxshichilik san’ati” tushunchasi YUNESKO orqali butun dunyoda keng targ‘ib qilinadi. Endi bu madaniyat yo‘qolib ketmaydi, aksincha rivoj topib boradi.
Shuni ta’kidlab o‘tishni istardimki, xalqaro tashkilotlar kelajak avlodlarga bu madaniy merosni yetkazish va baxshichilik san’atining rivojlanishiga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatishi, ularni jahon madaniyati durdonalari qatorida targ‘ib qilishi zarur. Albatta, bu jarayon qadamba-qadam, bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi. Uni izchillik bilan amalga oshirishda Prezident Shavkat Mirziyoyevning doimiy e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi katta ahamiyat kasb etmoqda. YUNESKOning Baxshichilik san’ati bo‘yicha qaroriga davlat rahbarini o‘zi tabrik yo‘llashi – bu misli ko‘rilmagan misoldir.
Shu tariqa YUNESKOning bu ro‘yxatiga kirgan nomoddiy madaniy merosimiz ob’ektlari soni 10 taga yetdi. “Boysun tumani madaniy makoni”, “Shashmaqom” mumtoz musiqasi, “Katta ashula”, “Askiya san’ati”, “Navro‘z”, “Palov madaniyati va an’analari”, Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi: (adras – atlas), Xorazm raqsi – “Lazgi”, “Miniatyura san’ati” qatoridan “Baxshichilik san’ati” ham o‘rin oldi.
O‘zbekistonda Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga munosiblari hali ko‘p. Masalan, «O‘zbekiston kulolchilik maktabi» milliy elementlari, shuningdek, boshqa davlatlar bilan hamkorlikda «Hunarmandchilikning an’anaviy uslubi» va «Rubob chalish», «Markaziy Osiyoda an’anaviy kashtachilik uslubi», «Xo‘ja Nasriddin qissalarini aytish an’anasi» kabi ko‘p millatli nominatsiyalarni YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi muhokamasiga kiritiladi.



Tursunali QO‘ZIEV,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, professor