Voleybol: O‘zbekiston ayollar terma jamoasi “Challenge CUP”da peshqadam

Voleybol: O‘zbekiston ayollar terma jamoasi “Challenge CUP”da peshqadam

Ma’lumki, shu kunlarda Bangladeshning Dakka shahrida Osiyo voleybol konfederatsiyasi markaziy zonasiga a’zo davlatlarning erkaklar va ayollar terma jamoalari o‘rtasida “Challenge CUP” musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur turnirda bevosita ishtirok etayotgan O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayevning ma’lum qilishicha, musobaqaning ochilish marosimida Bangladesh voleybol federatsiyasi rahbari va “Dhaka North City” korporatsiyasi meri Muhammad Atiqul Islom, Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA) prezidenti Muhammad Latif qatnashib, barcha ishtirokchi jamoalarni qutladi. Bahslarda omad tiladi.

“Challenge CUP” bahslarini O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ko‘tarinki ruhda boshladi. Ular ilk uchrashuvda Maldiv orollari ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Keyingi ikkita o‘yinda ham g‘alaba nashidasini surgan qizlarimiz 9 ochko jamg‘argan holda peshqadamlik qilmoqda.

Nepal esa 8 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Shri-Lanka ikkita g‘alaba va bitta mag‘lubiyatdan keyin 7 ochko bilan uchinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, Qirg‘iziston bir g‘alaba va ikki mag‘lubiyatdan keyin 3 ochko bilan to‘rtinchi o‘rindan joy olgan.

Erkaklar jamoalari o‘rtasida Bangladesh va Shri-Lanka 6 tadan ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda. Nepal va O‘zbekiston hisobida bittadan g‘alaba va ikkitadan mag‘lubiyat mavjud va ular 3 ochkodan jamg‘arishgan.

Musobaqalar 28 dekabrga qadar davom etadi.



To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA