O`zbekistonda Milliy liboslar festivali bo`lib o`tdi

O`zbekistonda Milliy liboslar festivali bo`lib o`tdi

O‘zbek milliy liboslari o‘zining bejirimligi, chiroyi, tabiiy tozaligi bilan har doim maqtovlarga munosib bo‘lgan. Zamonaviy dizaynlarda yaratilgan liboslarimiz esa mahalliy va xalqaro podiumlarning ko‘rki bo‘lib kelmoqda.

Yoshlar ijod saroyida Milliy liboslar festivali bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar forumi doirasida tashkil etilgan mazkur festival respublikamizning turli viloyatlaridan to‘plangan yosh va iqtidorli dizaynerlarni qo‘llab-quvatlash va o‘zbek milliy urf-odat hamda qadriyatlarini targ‘ib etuvchi liboslarni ommaga taqdim etish maqsadida tashkil etildi.

Festivalda Dilnoza Umirzakova, Shahzoda Muhammedova kabi 10 dan ortiq malakali dizaynerlarning 100 ga yaqin milliy uslub va elementlar ishlatilgan kolleksiyalari taqdim etildi.

Qayd etilganidek, taniqli dizaynerlarning kolleksiyalari taqdimoti shu sohadagi umidli yoshlarga yangi g‘oyalar, kelajak rejalariga munosib motivatsiya beradi.

Shuningdek, festivaldan maqsad forum ishtirokchilarida milliy liboslarimizga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish, an’analarimizni targ‘ib etish hamda ushbu sohaning yorqin qirralarini ko‘rsatib berishdan iborat.

Mazkur modalar namoyishi opa-singillarimiz o‘rtasida qadriyatlarimiz va o‘zligimizni unutmagan holda kiyinish madaniyatini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA