Turkiyaning bir qator nufuzli universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

Turkiyaning bir qator nufuzli universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Nozliya Normurodova boshchiligidagi ishchi guruh Turkiyaga xizmat safarida bo‘lib turibdi. Ishchi guruh a’zolari Turkiyaning bir qator nufuzli universitetlari bilan turli jabhalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

Tashrif davomida Anqara universiteti, G‘ozi universiteti, Kocatepa universiteti va Boyazid Yildirim universiteti, Bilkent universiteti bilan hamkorlik bitimlari imzolandi. Universitet jamoasining ilgari surgan takliflari turkiyalik ziyolilarni ham befarq qoldirmadi. Mezbonlar bilan suhbatda har ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik butun turkiy xalqlarning mushtarak qadriyatlari rivojida muhim omil ekani qayd etildi.

Mazkur uchrashuvda yuqorida nomlari qayd etilgan universitetlar bilan hamkorlikda qo‘shma magistratura mutaxassisliklari ochish, akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish, pedagog kadrlar malakasini oshirish, ilmiy, o‘quv-uslubiy sohalarda o‘zaro amaliy faoliyat olib borish borasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Turkiy xalqlarning tarixi, madaniyati va tilini tadqiq etish ham chinakam millatsevar kadrlarni tayyorlashning birlamchi omilidir. Bilkent universitetida esa Turkiya davlatida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Turk til qurumi”ning an’anaviy qurultoyini kelgusi yil O‘zbekistonda va aynan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilishiga kelishib olindi.

Delegatsiyaning tashrifi vaqtida Turkiyaning Istanbul shahrida “Yangi O‘zbekiston – yangi g‘oyalar” shiori ostida O‘zbekiston yoshlari forumi o‘tkazildi.

Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan qizg‘in suhbat qurildi. Ularning aksariyati o‘qishni tamomlagach Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ishlash istagini bildirdilar. Bu borada ularni qiziqtirgan savollarga universitet vakillari javob berishdi. Yoshlar forumi ijodkor, innovator, intellektual salohiyatli yoshlarni kashf etdi.

Delegatsiya qadimiy Istanbul universitetiga tashrif buyurdi. Ushbu universitet XV asrda tashkil etilgan bo‘lib, juda qadimiy va o‘z an’analariga ega, qolaversa, bugungi kun jahon reytinglarida ham munosib o‘ringa ega ta’lim muassasasidir.

Mazkur universitet bilan ham hamkorlikning barcha shartlari kelishib olindi.

Istanbul universitetining ko‘p yillik ilg‘or tajribalarini o‘rganish, ular bilan ilmiy, pedagogik, uslubiy, madaniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik qilish biz uchun g‘oyat manfaatli bo‘ladi. O‘z navbatida turkiy xalqlarning eng boy tarix va madaniyatga ega bo‘lgan O‘zbekistonning eng nufuzli oliygohi bilan hamkorlik turkiyalik hamkasblarimiz uchun ham har jihatdan foydali.

Ilm ahli tomonidan ko‘p e’tirof etiluvchi, nihoyatda uzoq tarix va boy fondga ega bo‘lgan Sulaymoniya kutubxonasi haqida eshitganmisiz?! Delegatsiyaning yana bir muhim tashrifi dunyoga mashxur Sulaymoniya kutubxonasiga uyushtirildi. Ushbu kutubxona haqida bilmagan ziyoli topilmasa kerak. Kutubxonaning nodir fondi butun dunyo ilmiy jamoatchiligi uchun ham qadrlidir.

Bundan bir necha yil muqaddam universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov ham Sulaymoniya kutubxonasiga tashrif buyurib, hamkorlik o‘rnatgan edi. Bu gal ham delegatsiya a’zolari bu noyob ilm maskanini ziyorat qildilar. Kutubxona rahbariyati tomonidan ToshDO‘TAU rektori Shuhrat Sirojiddinovga bir nechta maxsus qo‘lyozma sovg‘alar taqdim etildi. Ushbu kutubxona bilan ham yaqin vaqtlarda yangi maqsadlarni ko‘zda tutuvchi shartnoma tuzilishi belgilab olindi.



D.Mamatova,
O‘zA