Maqom yosh avlodning ruhiyati, ongu tafakkuriga yaxshi ta’sir qiladi

Maqom yosh avlodning ruhiyati, ongu tafakkuriga yaxshi ta’sir qiladi

“O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” minglab o‘g‘il-qizlarni ezgu tashabbus va yangi g‘oyalar sari ruhlantirmoqda. Shuningdek, tadbirlarda milliy qadriyat va an’analarimizni navqiron o‘rtasida keng targ‘ib etishga muhim e’tibor qaratilyapti.

Farg‘ona shahridagi “Afrosiyob” tantanalar majmuasida forum doirasida tashkil etilgan uch avlod uchrashuvi va O‘zbekiston xalq hofizi Fattohxon Mamadaliyev xotirasiga bag‘ishlangan maqom kechasi yanada shukuhli kechdi. Shahar va tumanlardan kelgan nuroniy otaxon va onaxonlar, mehnat faxriylari va yoshlar ishtirok etgan bayram tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yaqinlashayotgan yangi yil bayrami bilan tabrikladi. 2021 yil viloyatda salmoqli natijalar bilan yakunlanayotgani, yoshlar ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ma’naviyat, kitobxonlik hamda xalqaro sport musobaqalarida katta yutuqlarni qo‘lga kiritganini faxr bilan qayd etdi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq hofizi, sozanda bastakor, ustoz-murabbiy, professor Fattohxon Mamadaliyevning an’anaviy ijrochilik rivoji yo‘lidagi beqiyos xizmatlari, milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atimizni olamga tanitishdagi salmoqli hissasi alohida e’tirof etildi. Maqom san’atining barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtirish, mamlakatimizda maqom ruhi va falsafasini har bir inson qalbidan, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotganligiga alohida urg‘u berildi.

Maqom kechasida to‘kin dasturxon atrofida bir piyola choy ustida dildan suhbat qurildi. Zamonaviy mumtoz san’atimizning atoqli vakillari – O‘zbekiston Respublikasi xalq artistlari Munojat Yo‘lchiyeva va Abdulahad Abdurashidov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Erqulova, O‘lmas Olloberganov, Munojat Teshaboyeva va boshqa qator taniqli san’atkorlar, yosh iste’dodlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar bayramga yanada shukuh olib kirdi.

– Maqom qadimdan o‘zbek milliy madaniyatining poydevoridir, – deydi O‘zbekiston Qahramoni Munojat Yo‘lchiyeva. – Undan hamma janrdagi yo‘nalishlar ozuqa oladi. Demak, ma’naviyatimizni yuksaltirish, milliy o‘zligimizni anglashda uning ahamiyati beqiyos. Aynan maqom san’atiga bo‘lgan e’tibor, uni yanada rivojlantirish yosh avlodning ruhiyati, ongi tafakkuriga yaxshi ta’sir qiladi. Odamiylikni rivojlantiradi, ma’naviy tarbiyalaydi, hurmat, e’zoz kabi fazilatlarni shakllantiradi. Maqomning o‘z muxlisi, shinavandalari bor. Shu bois ham mana bunday tadbirlarni muntazam o‘tkazish kerak.



M. Sulaymonov, O‘zA